O‘tgan hafta Fransiya prezidenti Emmanuel Makron qimmat narxlarda energiya yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolashga tayyorlanayotgan fransuz bizneslariga xabar yo‘lladi: buni qilmang.

Kompaniyalar hozirda taklif qilinayotgan «aqlga sig‘maydigan» narxlardan voz kechishlari kerak, dedi Fransiya prezidenti. U Yevropa hukumatlari narxlarni o‘rtacha darajaga tushirishga muvaffaq bo‘lishini ta’kidladi.

Fransiya shimolidagi zavodda binolar uchun qoplamalar ishlab chiqaruvchi Veta France kompaniyasining bosh direktori Aymerik Le Jyemtel Makronning ishonch bilan aytgan gaplarini qabul qila olmadi. Veta France tabiiy gazning yuqori bahosini qoplash uchun narxlarni oshirmoqda. Ba’zi kompaniyalar hatto foydasiz bo‘lib qolgan bir qancha buyurtmalarni bekor qilishdi. 

«Narxlarni pasaytirish juda qiyin. Biz bu qishda yopilishni xohlamaymiz, lekin men xavotirdaman», deydi Le Jyemtel.

Qish oylari yaqinlashgani sari havo harorati pasayib bormoqda. Rossiyadan gaz import qilish darajasi esa avvalgiga qaraganda bir necha barobarga qisqargan. Yevroittifoq davlatlari energetika vazirlari narxlarni cheklash uchun mablag‘ to‘plash ustida ishlamoqda. Juma kuni uy xo‘jaliklari va korxonalarga yangi soliqlar paketini joriy qilish masalasi muhokama qilinadi. 

Yevropa Ittifoqi davlatlari gaz omborlarini 85 foizdan ko‘proqqa to‘ldirgan bo‘lsa-da, bu butun qish mavsumi uchun yetmasligi mumkin. 

Taxminan 15ta a’zo davlat YeIning energetika masalalari bo‘yicha komissari Kadri Simsonga maktub yo‘llab, Ittifoq miqyosida gazning ulgurji narxlari chegarasini belgilashni talab qilishgan, chunki korxonalar tabiiy gaz uchun o‘tgan yilgiga nisbatan besh baravar ko‘proq xarajat qilishga majbur bo‘lmoqda.

Tahlilchilar chuqur retsessiya bo‘lishi muqarrar, deya ogohlantirishmoqda. Deutsche Bank prognozlariga ko‘ra, yevrohududda real yalpi ichki mahsulot hajmi joriy yilning ikkinchi choragiga nisbatan 2023 yilning mos davrida 3 foizgacha qisqarishi mumkin. Yevroning qadrsizlanishi ham davom etadi.

Italiyada o‘ta o‘nglar yetakchiligidagi alyansning saylovdagi g‘alabasidan so‘ng, Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlari yashash xarajatlarining oshib borishi ommaviy tartibsizliklarni keltirib chiqarishi va saylovchilarni ekstremal partiyalar tomon yaqinlashtirishi mumkin bo‘lgan belgilarni diqqat bilan kuzatmoqda.