So‘nggi kunlarda O‘zbekistonning zamonaviy diplomatik yuzi o‘zgarib, rivojlanib bormoqda. Shu bilan birga mamlakatda jamoatchilik tashkilotlari, xususan nodavlat notijorat tashkilotlari faollashayotgani kuzatilmoqda. Biz ayni kunlarda tashkil etilgan «Yuksalish» umummilliy harakati rahbari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Burxonov bilan shu haqda suhbatlashishga qaror qildik.

— Sizni deputat, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi sobiq rahbari sifatida taniymiz. Endilikda «Yuksalish»umummilliy harakati rahbarisiz. Bu vazifalarda faoliyat yuritish qiyinchilik tug‘dirmayaptimi?
— Bu sohalarda ishlash men uchun birinchi navbatda — faxr. Sababi Oliy Majlis deputatligi, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi va «Yuksalish» umummilliy harakati rahbarligi ham tayinlanadigan emas, saylanadigan lavozimlar sanaladi. Qamrov doirasi keng, chegaralanmagan bo‘lganligi uchun bu ish menga yoqadi.
Xoh jamoatchilik, xoh qonunchilikda bo‘lsin, keng ommaga yurtimizda bo‘layotgan islohotlarni yetkazish, tushuntirish va ekspertlik muhokamalarida qatnashish, shu orqali odamlarga yordam berish asosiy vazifalardir. Ayniqsa, yaqin ikki yil ichida takliflarning, muammolarning chuqurroq ko‘rib chiqilayotganligi, men bilan birga ishlagan jamoalar bilan ko‘targan masalalarning befarq qoldirilmayotganligi sabab ham ishimda qiyinchilik sezmayman.
— Yurtimizda oxirgi paytlarda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi, Buyuk Kelajak ekspertlar kengashi kabi nodavlat tashkilotlar soni ortmoqda. Bular safiga «Yuksalish» umummilliy harakati ham qo‘shildi. Bu harakatning paydo bo‘lish tarixi, maqsad va vazifalari bilan tanishtirsangiz.

— Bu harakat ham siz sanagan nodavlat tashkilotlarning ta'sirida va ularning maqsadlaridan kelib chiqib paydo bo‘ldi. Besh yillik Harakatlar strategiyasi qabul qilingandan so‘ng uni jamoatchilikka yaqindan tanishtirish maqsadida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tashkil etilgandi va faqatgina Toshkent shahrida o‘z ofisiga ega edi. Buyuk Kelajak ekspertlar kengashi esa oliy ma'lumotli xorijdagi nufuzli tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan 250dan ortiq vatandoshimizni qamrab olgan.
Ammo millionlab xorijdagi yurtdoshlarimiz: talabalar, migrantlar va ularning muammolari, islohotlarga munosabatlarini eshitishning imkoni yo‘q edi. Ana shularni hisobga olib, O‘zbekiston rivoji uchun hissa qo‘shmoqchi bo‘lgan har qanday soha vakillari tashabbusini qabul qiladigan, siyosiy ruhdan xoli bo‘lgan «Yuksalish» umummilliy harakati Prezidentimiz tomonidan 17 yanvar kuni tasdiqlandi.






