«Bu faqat taklif sifatida aytilgan» - Davron Hidoyatov prezidentga taqdim etilgan, lekin ochilishi rad etilgan IKEA mebel fabrikasi haqida
Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov 12 sentyabr kuni jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda O‘zbekistonda ochilishi aytilgan, biroq haligacha ish boshlamagan IKEA mebel fabrikasi taqdiri haqida gapirdi.
«Tadbirkorlarimiz bu masalani taklif sifatida aytgan. Biz ham shunaqa taklif bor, deb aytganmiz. Lekin hech qayerda aynan shu loyiha bo‘ladi, degan so‘z aytilmagan. Masalan, siz tadbirkorsiz, ertaga yonimga kelasiz va mana bunaqa loyiham bor, deysiz. Shundan so‘ng, biz u salohiyatli investormi-yo‘qmi, qancha pul tikmoqchi, deb surishtiramiz.
Bu masala haligacha ochiq, yopilgani yo‘q. Baribir ular bir kunmas bir kun keladi. Bu tabiiy jarayon, chunki Yevropada ishchi kuchi qimmat. Bugun bo‘lmasa ertaga keladi», deb Davron Hidoyatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Masalaning barcha shartlari to‘liq kelishilmasdan, hatto eng birlamchi shartlar hal etilmasdan turib bu loyiha nega prezidentga taqdim etilgani haqidagi savolga hokim IKEA kompaniyasining Turkiyadagi vakolatxonasi bilan muzokaralar olib borilgani va tomonlar dastlabki kelishuvga erishgani bois taqdimotga kiritilganini aytdi.
«Biz hech qachon yo‘q narsani prezidentga aytmaymiz. Hamkorlarimiz Shvetsiyadagi IKEA (Inter IKEA Systems B.V.) kompaniyasining Turkiyadagi vakolatxonasi bilan muzokara olib borib, kelishuvga erishgan. Bu o‘zidan o‘zi bo‘lmagan.
Gigant kompaniyalarning turli davlatlarda bo‘limlari bor. Kompaniyaning Turkiyadagi bo‘limi bilan [o‘rtamizda] kelishuv bo‘lgan. Matbuotda shov-shuv boshlangandan keyin, ular bizga bu narsa jamoatchilikka oshkor bo‘lib ketishini kutishmaganini aytishdi. Har bir kompaniyaning ichki yo‘riqnomalari bor. Bu masala dastlabki muzokaralar natijasidagi kelishuv bo‘lgan», degan Davron Hidoyatov.
Shu yil 8 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatdagi investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishgandi. Taqdim etilgan loyihalar orasida mebel va uy jihozlari ishlab chiqarish hamda sotish bo‘yicha dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri – IKEAning Chirchiq shahri hududida quriladigan mebel ishlab chiqarish fabrikasi loyihasi ham bor edi.
Loyihaga ko‘ra, yangi zavod yer maydoni 5,5 gektarni egallashi, uning yillik mebel ishlab chiqarish quvvati 3,2 ming donani, mahsulot qiymati esa 17 million dollarni tashkil etishi aytilgandi. Loyihaning umumiy qiymati 52 million dollar, shundan qariyb 42 millioni xorijiy investitsiya hisobiga to‘g‘ri kelishi, shuningdek, 22 oy ichida ishga tushadigan fabrikada 320 ta yangi ish o‘rni yaratilishi aytilgan edi.
Tarqalgan shov-shuvlarga aniqlik kiritish maqsadida Kun.uz tahririyatining IKEAga yuborgan so‘roviga javoban kompaniya O‘zbekistonda fabrika ochishi haqidagi ma'lumot to‘g‘ri emasligi, O‘zbekistonda biznes qilish yoxud zavod qurish IKEA Industry yoki IKEA Supply business’ning hozirgi yo yaqin kelajakdagi rejasida yo‘qligini ma'lum qilgandi.
Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati rahbari Hamza Jumayev tahririyatga Chirchiq shahri hududida quriladigan IKEA mebel ishlab chiqarish fabrikasi loyihasi bo‘yicha muzokaralar avvalgi viloyat hokimi Rustam Xolmatov davrida olib borilganini aytgandi.
Toshkent viloyati hokimi lavozimida ishlagan Rustam Xolmatov prezidentning shu yil 30 yanvardagi farmoni bilan ishdan olingan, uning o‘rniga Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan Davron Hidoyatov tayinlangandi.
Shavkat Mirziyoyevning 8 fevraldagi tashrifi paytida 2021 yilda Toshkent viloyatida 1 milliard 624 million dollarlik 355 ta loyiha ishga tushirilishi bo‘yicha taqdimot qilingan. Taqdimotni amaldagi hokim Davron Hidoyatov o‘tkazgan.