O‘zbekiston | 10:41 / 04.02.2021
40880
6 daqiqa o‘qiladi

Ekologiya qo‘mitasi matbuot kotibi ishdan bo‘shashga majburlanmoqda. U Ramatov bo‘yicha «g‘alati topshiriq»ni bajarishga ko‘nmagani uchun bosimga uchraganini aytmoqda

2 fevral kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining kengaytirilgan hay'at yig‘ilishida qo‘mitaning bir qator xodimlari ishdan olingan. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati rahbari Bunyod Abdullayev Kun.uz’ga ma'lum qildi.

«30 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari o‘rinbosarlari qo‘mitaga kelib yig‘ilish o‘tkazdi. Unda qo‘mitaning asosan o‘rta bo‘g‘in faoliyati keskin tanqid ostiga olindi. Ya'ni ekologiya sohasidagi barcha kamchiliklar o‘rta bo‘g‘inda ekanligi ta'kidlandi. 2 fevral kuni esa bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov va u boshchiligidagi kompleks rahbarlari, vazir hamda vazir o‘rinbosarlari ishtirokida kengaytirilgan hay'at yig‘ilishi chaqirildi.

Bu yig‘ilishda 6 nafar boshqarma boshliqlari ishdan olindi. Jumladan, o‘sha kuni ishdan ketadi deyilganlar ro‘yxatida qo‘mitaning Atmosfera havosini muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Umidjon Abdujalilov, Suv, yer resurslari va yer osti boyliklarini muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Sobir Mashrabov, Xalqaro aloqalar va hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Jahongir Tolipov, yurist Davron Xolmuhammedov va Qashqadaryo viloyat boshqarma boshlig‘i G‘anisher Ibrohimov hamda mening ism-familiyam bor edi», deydi Abdullayev.

Matbuot kotibining aytishicha, o‘zining ham bu «ro‘yxatga tushib qolishi»ga ikki hafta avval «yuqoridan kelgan g‘alati topshiriq» sabab bo‘lishi mumkin. U bu topshiriqni Transport vazirligining mas'ul xodimidan olganini ma'lum qildi.

«Ikki hafta avval O‘zbekiston Transport vazirligidan shaxsiy telefon raqamimga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Qo‘ng‘iroqda o‘zini «Ramatovning maslahatchisiman» deb tanishtirgan kishi menga bosh vazir o‘rinbosarining ijobiy imijini shakllantirish maqsadida alohida shtab tashkil qilingani hamda biz ham shu imijni yaxshilash uchun haftaning har juma kuni ular tasdiqlagan mavzu bo‘yicha ma'lumot berib turishimiz kerakligini buyurdi.

Maslahatchining aytishicha, keyinroq shtabga to‘plangan bu ma'lumotlar barcha ommaviy axborot vositalariga ularning nomidan tarqatilar ekan.

Hozir siyosiy jarayonlar oldida turibmiz. Men tabiiyki, bundan shubhalandim, chunki hozir saylov jarayonlari yaqinlashmoqda. Shu sabab men unga rahbariyat tomonidan qandaydir topshiriqlar bo‘lsagina uni bajarishimni aytdim.

«Ramatovning maslahatchisi» esa: «Meni to‘g‘ri tushunmadingiz shekilli, «Kabmin»dagi kuratoringizga aytaman, o‘zi gaplashadi», deya telefonni o‘chirib qo‘ydi.

Oradan ko‘p o‘tmay menga endi Vazirlar Mahkamasidagi «kuratorimiz» Bahodir Shukurov telefon qildi (Bahodir Shukurov Vazirlar Mahkamasida bosh mutaxassis vazifasida ishlovchi mutaxassis – tahr.)», deydi Abdullayev.

Bunyod Abdullayev «kuratori»dan yozma topshiriq tushirishni so‘ragan.

«U menga shtab boshlig‘i (maslahatchi) bergan topshiriqlarni so‘zsiz bajarishimni buyurdi. Men bu bo‘yicha faqat yozma topshiriq kelsagina ish boshlashimni aytdim.

Bahodir Shukurov esa yozma topshiriq bo‘lmasligi, shu qo‘ng‘iroq menga yozma topshiriqligini aytdi. Unga yana avvalgi javobimni takrorlaganimdan keyin telefonni jahl bilan qo‘yib qo‘ydi», deydi Bunyod Abdullayev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Abdullayev hozirda qo‘mita rahbariyati bilan munosabatlari ancha taranglashganini, qo‘mita raisi va kadrlar bo‘limi boshlig‘i ishdan bo‘shash haqida ariza yozib berishni talab qilib, unga bosim o‘tkazayotganini ta'kidladi.

«Men sababsiz ariza yozmasligimni aytyapman. O‘ylaymanki, shunchaki sababsiz ishdan bo‘shab ketmayman. O‘zbekistonda mehnat qonunchiligi ishlashiga ishonaman», dedi Abdullayev.

Kun.uz tez orada Bunyod Abdullayev bilan mavzu yuzasidan batafsil intervyu uyushtirishni mo‘ljallagan.

  • Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga 2020 yil martidan raislik qilgan Shavkat Abdurazzoqov 2020 yil sentyabrida Namangan viloyati hokimligiga o‘tkazilgach, uning o‘rnini Alisher Maqsudov egallagandi. 2020 yil aprelidan buyon qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Narzullo Oblomurodov 2021 yil 1 fevralida O‘zbekiston Ekologik partiyasining yangi raisi etib saylandi.
  • Ochilboy Ramatov 2002 yildan 2016 yilgacha «O‘zbekiston temir yo‘llari»ga rahbarlik qilgan, 2016 yil dekabridan buyon bosh vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab keladi. U hukumatda hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunal soha, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksining rahbari sifatida yirik qurilish loyihalariga ma'sul shaxs hisoblanadi.
  • Bunyod Abdullayev 2020 yilning may oyida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi etib tayinlangandi. Avval «Hurriyat» va «Jamiyat» gazetasi muxbiri, O‘zbekiston Milliy axborot agentligida sharhlovchi, yetakchi muharrir, bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. Shuningdek, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasida hamda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi yetakchi ilmiy xodimi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Mavzuga oid