Bloger va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev iqtisodchi Otabek Bakirovdan energetika inqirozi borasida intervyu oldi. Kun.uz iqtisodchining muammo ildiziga oid bildirgan fikrlarini keltiradi.

«Yillar davomida ishlab chiqarish o‘smagan»

— Energetika krizisi bir kunda yuzaga kelmagan, bunga bir necha yillar va xatolar sabab bo‘lgan. O‘zbekistonda energetika sohasida 2003-2004 yildan boshlab gaz qazib chiqarish ham, elektr energiyasini ishlab chiqarish ham umuman to‘xtagan. Agar hisoblaydigan bo‘lsak, 19 yildan beri deyarli o‘sish kuzatilmagan, 62-64 mlrd kub atrofida gaz qazib olingan, elektr generatsiyasi 56-58 mlrd kv/soat atrofida ishlab chiqarilgan. 2018-2019 yillargacha shu me’yor ushlangan.

Aholi va sanoat o‘sib, ishlab chiqarish o‘smagan. Aholi jon boshiga elektr energiyasi generatsiyasi turmush sharoiti va iqtisodiy o‘sishga proporsiya darajasida bo‘lmasa ham, yuqori korrelyatsiya darajasida bog‘liq.

O‘zbekiston misolida shu narsa 2017 yilgacha ishlamagan. 2017 yildan keyin yangi siyosat bu asosiy narsa ekanini tushunib yetdi. O‘zbekiston oldiga juda katta maqsadlar – ochiq bozorga qarab yurish, dunyo iqtisodiyotiga integratsiya kabilar qo‘yildi. Bularning hech birini energetika islohotisiz amalga oshirib bo‘lmaydi.

Bugungi muammolar energetika sohasida ayrim masalalarni yechishda orqada qolib ketganimiz sababli yuzaga kelmoqda.

«Sohaga investitsiyalar jalb qilinmagan»

— Energetika sohasida investitsiyalar yetarli emasdi. Uzoq yillar davomida statistika bo‘yicha iqtisodiy o‘sish yuz bergan, ammo elektr energiyasi va gaz ishlab chiqarish o‘smagan, bunga pul ham tikilmagan. Qazib olishga ham, generatsiyaga ham, geologik qidiruv ishlariga ham pul tikilmagan.

Bu muammo 2017 yildan boshlab yechildi. Agar biz tashqi qarzimiz va investitsiyalarning umumiy miqdorini oladigan bo‘lsak, neft, gaz va elektr energetika generatsiyasiga eng katta investitsiyalar va qarzlar jalb qilganmiz. Bu masala yechilishi boshlandi. Energetika sohasi rahbarlari ham yo‘qotishlar infratuzilma bilan bog‘liq emasligini aytmoqda.