O‘zbekiston | 22:38 / 24.08.2019
33387
2 daqiqa o‘qiladi

«Sovetlar hujum qilgan paytda tug‘ilgan bola hozir qirqqa kirib, urushdan boshqa narsani ko‘rmadi» - Abdulaziz Komilov Afg‘oniston muammosi haqida

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Afg‘onistondagi vaziyatga oid fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.

«Ko‘pincha odamlar hayron bo‘ladi: “Hozir Afg‘onistonda urush bo‘lyapti, sizlar hali u, hali bu loyiha, deysizlar...” Kelajakni inobatga olib shunday qilinmoqda.

U yerda baribir qachondir tinchlik o‘rnatiladi. Nega deganda, mana biz hukumat bilan ham, muxolifat bilan ham, toliblar bilan ham [aloqa o‘rnatganmiz].

Ularning hammasi urushdan charchadi. 40 yildan beri... O‘z paytida Sovet ittifoqi Afg‘onistonga hujum qilgan paytda tug‘ilgan bolalar hozir 40-45ga kirgan. Umrida urushdan boshqa hech narsani ko‘rmagan. Faqat “Kalashnikov”, urush, o‘ldirish, qon... Shuning uchun ular hammasi charchadi.

O‘ylaymizki, bir-biri bilan kelishib... Albatta, bu jarayon hali cho‘ziladi. 40 yil bir-biri bilan urushgandan keyin bir kunda hal bo‘lishi juda qiyin. Lekin buning boshqa yo‘li yo‘q. Boshqa yo‘li – yana urush, qon... Bunaqa siyosatning kelajagi yo‘q.

Hozir Amerika vakillari ham muhtaram prezidentimizning mintaqada olib borayotgan siyosatini qo‘llab-quvvatlayapti. Ayniqsa, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha.

Aytishyaptiki, O‘zbekiston prezidenti siyosati tufayli mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit paydo bo‘ldi. O‘zaro muammolarning ko‘pi hal bo‘ldi.

Tojikiston bilan ham, Qirg‘iziston bilan ham, boshqa davlatlar bilan ham muammolar ko‘p hali. Lekin yo‘l ochildi. O‘zaro ishonch paydo bo‘ldi”, – dedi Abdulaziz Komilov. 

Mavzuga oid