Defence Blog xabariga koʻra, restavratsiya qilingan vertolyot hozir MRBning Lenglidagi bosh qarorgohi hududida saqlanmoqda. U 2001-yil 26-sentabrda, AQShdagi 11-sentabr teraktlaridan 15 kun oʻtib, razvedkachilar guruhini Panjsher vodiysiga yetkazgan.

JAWBREAKER guruhiga tajribali razvedka xodimi Geri Shroyen rahbarlik qilgan. U yangi operatsiyada qatnashish uchun pensiyaga chiqishini kechiktirgan.

Bortda MRBning yetti xodimi, uch nafar ekipaj aʼzosi va ikki afgʻonistonlik hamkor boʻlgan. Ularning vazifasi Shimoliy alyans bilan aloqa oʻrnatish hamda «Al-Qoida» va toliblarga qarshi keyingi AQSH harbiy kampaniyasi uchun sharoit tayyorlashdan iborat edi.

Mi-17ning koʻrinishi eʼtibor tortmagan

Sovet konstruksiyasidagi vertolyotni tanlashning amaliy sababi boʻlgan: bunday mashinalar Afgʻoniston va mintaqada allaqachon ishlatilgan. Shuning uchun uning paydo boʻlishi gʻayrioddiy koʻrinmagan.

MRB mazkur vertolyotni 1990-yillarda sotib olgan. Biroq uni odamlar va yuklar bilan togʻlar osha olib oʻtish ekipaj uchun murakkab vazifa boʻlgan.

Panjsherga yoʻnalish Hindikushdagi balandligi qariyb 4 400 metr boʻlgan Anjuman dovoni orqali oʻtgan. Vertolyotda yoʻlovchilardan tashqari qurol, oʻq-dori, yonilgʻi va uskunalar ham boʻlgan.

Geri Shroyen 2019-yilda eksponatning ochilish marosimida dovon oldidan balandlikka koʻtarilish paytida vertolyot qattiq silkinganini eslagan.

«Ruslar uni tashqi koʻrinish va uslub uchun emas, ishlash va xizmat qilish uchun qurgan», - degan u.

Kabinadagi yozuvlar qoʻlda tarjima qilingan

Vertolyot Amerika razvedkasi vazifalariga moslab qayta jihozlangan. MRB muzeyi katalogiga koʻra, unga yangi avionika oʻrnatilgan.

Ayrim oʻzgarishlar esa ancha sodda boʻlgan: kabinadagi kirillcha yozuvlar ustiga qalam bilan inglizcha tarjimalar yozilgan. Bu ekipajning boshqaruv vositalariga tezroq moslashishiga yordam bergan.

Vertolyotda radioaloqa va favqulodda radiomayak boʻlgan, ammo transponder - identifikatsiya signalini uzatuvchi qurilma boʻlmagan.

AQSH va koalitsiya kuchlari uni koʻrib tanishi uchun dum qismining gorizontal yuzasiga USA yozuvi va Amerika bayrogʻi tasviri tushirilgan. Koʻk boʻyoq topilmagani sababli bayroqning faqat qizil va oq chiziqlari chizilgan.