«Yashil energetika»ga o‘tish yo‘lidagi birinchi qadam - Karmanada quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilmoqda
Navoiy viloyati Karmana tumanida 100 megaVatt bo‘lgan zamonaviy quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Bu yerda yiliga 252 mln kiloVatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning hisobidan 80 mln kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 160 ming tonna bug‘lanuvchi gazlar chiqishining oldi olinadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga safarini Karmana tumanidan boshladi. Davlat rahbari bu yerda barpo etilgan yangi quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish marosimida nutq so‘zladi.
«Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik bayrami arafasida sizlar bilan birga muhim bir tadbirda yig‘ilib turibmiz. Bugun Karmana tumanida «yashil energetika»ga o‘tish yo‘lidagi birinchi qadam bo‘lmish quvvati 100 megaVatt bo‘lgan zamonaviy quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilmoqda. Barchangizni ana shu quvonchli voqea bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Avvalo, ushbu loyiha doirasida qisqa muddatda – bir yarim yil ichida katta hajmdagi ishlar bajarilganini ta'kidlash lozim. Xususan, 110 million dollar investitsiyalar o‘zlashtirilib, 300 mingta quyosh panellari o‘rnatilgani chindan ham sanoatimiz tarixida juda katta voqeadir.
Bu yerda yiliga 252 million kiloVatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning hisobidan 80 million kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 160 ming tonna bug‘lanuvchi gazlar chiqishining oldi olinadi», dedi davlat rahbari.
Prezident ushbu stansiya Yangi O‘zbekiston energetika tizimidagi birinchi mana shunday ulkan qadam, ta'bir joiz bo‘lsa, «birinchi qaldirg‘och» bo‘lib, soha rivojida mutlaqo yangi davrni boshlab berayotganini ta'kidladi.
«Ma'lumki, yurtimizda bir yilda o‘rtacha 320 quyoshli kun kuzatiladi. O‘lkamizni bejiz «Serquyosh O‘zbekiston» deb atashmaydi. Lekin shu paytga qadar ana shunday ulkan salohiyatdan foydalanish masalasi e'tiborimizdan chetda qolib kelayotgan edi», dedi davlat rahbari.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda quyosh stansiyalarini qurish orqali jami 600 milliard kiloVatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Bu respublikaning bugungi kunda energiyaga bo‘lgan jami ehtiyojidan 8 barobar ko‘p.
2030 yilga borib quyosh elektr stansiyalari quvvatini kamida 5 ming, shamol elektr stansiyalari bo‘yicha esa 3 ming megaVattga yetkazish reja qilingan.
Jumladan, quyidagi quvvatlar foydalanishga topshiriladi:
- joriy yil yakuniga qadar Samarqandda quvvati 100 megaVatt bo‘lgan yana bitta quyosh stansiyasi;
- kelgusi ikki yilda Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Xorazm, Surxondaryo va Qashqadaryoda umumiy quvvati 2 ming 100 megaVatt bo‘lgan 9 ta quyosh stansiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Navoiy viloyatlarida esa 1 ming 600 megaVatt quvvatga ega bo‘lgan 4ta shamol elektr stansiyasi.
Mavzuga oid
12:28 / 26.12.2024
Navoiyda 2,5 yildan beri qidiruvda bo‘lgan ota “dacha”dan topildi
11:02 / 19.12.2024
Navoiyda bir maktabdan ketma-ket uch o‘quvchi vafot etdi
16:07 / 03.12.2024
Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi
19:25 / 02.12.2024