Bank of Georgiaʼga egalik qiluvchi Lion Finance Group Oʻzbekiston bank bozoriga mahalliy yetakchi banklardan birini sotib olish orqali kirishi mumkin. Bu haqda kompaniya bosh direktori Archil Gachechiladze Bloomberg nashriga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Gachechiladzening taʼkidlashicha, ayni paytda Bank of Georgiaʼning raqamli modelini yangi bozorlarga olib chiqish ustida ishlanyapti. Bunda birinchi navbatda yirik banklarga eʼtibor qaratiladi. Xususan, kompaniya uchun bozorning birinchi uchligidagi banklar afzal variant hisoblanadi.
«Biz top uchlik yoki beshlikka kiruvchi oʻyinchilarga eʼtibor qaratmoqdamiz», degan Gachechiladze.
Lion Finance Group bosh direktori kompaniya Oʻzbekistondagi ayni qaysi bankni sotib olish ustida ishlanayotgani va muzokara jarayonlari haqida qoʻshimcha maʼlumot bermagan.
Maʼlumot uchun, ayni paytda Oʻzbekistondagi aktivlari boʻyicha eng yirik beshta davlat banki qatoriga «Milliy bank», «Agrobank», «Oʻzsanoatqurilishbank», «Asakabank» va «Xalq banki» kiradi. Bunda «Oʻzsanoatqurilishbank»ni xususiylashtirishning yakuniy bosqichi 2025−2026-yillarga, «Asakabank», «Aloqabank» va «Turonbank»niki esa 2026−2027-yillarga moʻljallanyapti. «Milliy bank», «Agrobank» hamda «Xalq banki»dagi davlat ulushini sotish rejalari eʼlon qilinmagan.







