Abdulaziz Komilov: «Hozir Amirliklarda Afg‘onistonning milliard-milliard puli yuribdi. Ular jon deb biz bilan ishlashga tayyor»
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Senat yalpi majlisida parlamentga hisobot berdi.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, hisobotdan so‘ng senatorlar Komilovdan Mozori Sharif – Hirot temir yo‘l magistrali qurilishi bo‘yicha ma'lumot berishni so‘rashdi.
«Bu – juda muhim savol. Siz eslab o‘tgan loyiha 2035 yilgacha mo‘ljallangan transport-kommunikatsiyalarni rivojlantirish strategiyasining muhim yo‘nalishlaridan biri. Nima uchun?
Iqtisodiy xavfsizligimiz nuqtai nazaridan biz mana shu transport-kommunikatsiyalarni turli yo‘nalishlarda diversifikatsiya qilishimiz kerak. Bu nima degani? Ya'ni turli muqobil yo‘nalishlarni topishimiz kerak. Agar bir yo‘nalishda bizda qandaydir muammo chiqib qolsa, bizda qo‘shimcha boshqa yo‘nalishlar bo‘lishi kerak.
Hozir Hayratondan Mozori Sharifgacha yo‘lni mustahkam qilib, Mozori Sharifdan Hirotgacha, keyin kelajakda Hirotdan Erongacha olib borish rejalashtirilgan. Ya'ni Eron orqali dengizlarga chiqish mumkin. Prezidentimizning bu tashabbusini xalqaro maydonda qizg‘in qo‘llab-quvvatlashyapti.
Ikkinchi yo‘nalish: Mozori Sharif – Kobul – Peshovar – Pokiston. Ya'ni Pokiston orqali katta bozorga chiqamiz.
Bundan tashqari, hozir Qozog‘iston bilan yangi yo‘llarni bir-biriga uladik. Turkmaniston bilan transport-kommunikatsiyalar rivojlanyapti. Qirg‘iziston bilan kelishdik, Xitoy bilan kelishdik. Bu loyihani Rossiya ham qo‘llab-quvvatlayapti. Ya'ni Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston yo‘lagi. Tojikiston orqali ham Xitoyga chiqish koridorlari bor.
Bu bizga nima uchun kerak? Birinchidan, iqtisodiy xavfsizligimiz uchun. Ikkinchidan, yonimizda turgan katta bozorlardan foydalanishimiz kerak. Agar o‘zimiz uchun mana shu bozorlarni ochsak...
Afg‘onistonda Xudo xohlasa tinchlik bo‘lsa, afg‘onlarga hamma narsa kerak. Mix, makaron kabilardan boshlab paxtagacha. Juda katta bozor. Afg‘oniston ishbilarmonlarining pullari, moliyaviy imkoniyatlari juda katta. Hozir Amirlikda (BAA nazarda tutilmoqda – tahr.) Afg‘onistonning milliard-milliard puli yuribdi. Ular jon deb biz bilan ishlashga tayyorliklarini bildirishyapti.
Albatta, Rossiya – biz uchun eng katta bozor. Lekin biz o‘zimiz uchun bunga qo‘shimcha Afg‘oniston bozorini ochsak, Pokiston bozorini ochsak, juda katta aholiga ega Hindistonni, Xitoyni ochsak... Yetib ortadi bu. Mahsulotlarimiz uchun mana shu bozorlar yetib ortadi.
Albatta, boshqa bozorlar ham bizga kerak. Yevropa, Amerika... Ular birinchidan uzoq, ikkinchidan u yerlarda texnologiya juda rivojlanib ketgan. Ochiq aytish kerak, ularga teng bo‘lish qiyin.
Shu yerda qo‘shnilarimizning bozorini ochsak 50 yil davomida boshqa hech narsa kerak bo‘lmaydi. Chiqargan mahsulotlarimizning hammasi ularga kerak. Hammasini o‘rganib chiqdik. Nima chiqsa, hammasini olamiz, deyishyapti.
Uchinchidan, mana shu yo‘llarni ochsak, tranzit xarajati ancha kamayadi. To‘g‘ri chiqamiz – Janubiy Osiyoga boramiz, dengizlarga chiqamiz», – deb javob qildi tashqi ishlar vaziri.
Mavzuga oid
17:13 / 25.12.2024
O‘zbekiston Afg‘oniston aholisiga insonparvarlik yordami va «Salomatlik» poyezdini jo‘natdi
17:10 / 25.12.2024
Pokiston Afg‘onistondagi nishonlarga havodan zarba berdi
18:20 / 18.12.2024
O‘zbekiston 2025 yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib beradi
16:26 / 12.12.2024