Bolalar iste’moli mahsuloti qadog‘i nuqsonlarini qanday qilib tekshirish mumkin?
Bolalar iste’mol qiladigan mahsulotlarni xarid qila turib, nafaqat mahsulot tarkibi va yaroqlilik muddatiga, balki uning qadog‘iga ham e’tibor bering. Qulay qadoqdagi mahsulot, ota-ona hayotini biroz bo‘lsa-da osonlashtiradi va ularni xotirjam qiladi. Qadoqning butunligi va germetikligini tekshirib, iste’mol qilish mumkin bo‘lmagan mahsulotning xarid qilinishini oldini olgan bo‘lasiz.
Do‘kon tokchalarida, bolalar iste’moli mahsulotlari turli xil qadoqlarda uchraydi. Bir martalik tamaddi uchun an’anaviy shisha bankachalar, tetropak qutichalar, plastik stakanchalar va butilkalar, yumshoq pauch-qadoqlar — har bir qadoq turining o‘ziga xos xususiyatlari, afzalliklari va kamchiliklari mavjud. Keling, qadoq ishlab chiqarilgan material, qanday qilib siz xarid qilayotgan mahsulotning xususiyatlariga ta’sir qilishini aniqlab olaylik.
1.Shisha
Bolalar iste’moli mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar, odatda, shisha bankachalarga — mevali, sabzavotli, go‘shtli pyurelarni, shuningdek, quyuqligi darajasiga ko‘ra pashtetlarga o‘xshash barcha mahsulotlarni qadoqlashadi. Shisha qadoqdagi mahsulotni qaynoq suvda yoki maxsus qizdiruvchida isitish qulay. Shisha qadoqning afzalliklari — materialning ekologik tozaligi va xavfsizligi. Shisha kimyoviy jihatdan neytral bo‘lib, bankacha ichidagilar bilan reaksiyaga kirishmaydi, uni qayta ishlash oson. Saqlash sharoitlarga tavsiyalarga rioya qilinsa (mahsulot muzlamasa va to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlariga duchor bo‘lmasa, qopqoq shikastlanishi yoki qayrilishiga yo‘l qo‘yilmasa), u mahsulotning butun yaroqlilik muddati davomida uning foydali xususiyatlarini yo‘qotmasdan saqlanishini ta’minlaydi. Shisha bankachalar uyda, ya’ni qo‘lingiz ostida qoshiq va taomni isitish uchun qurilmalar bo‘lgan vaqtda, bolani ovqatlantirish uchun qulay. Shishaning kamchiliklari — uning nozikligida: dunyoda shunday bankachani sindirib qo‘ymagan bitta ham ota-ona topilmasa kerak.
Shisha qadoqni qanday tekshirish mumkin?
Noto‘g‘ri tashish yoki saqlashda ishonchli shisha qadoqda ham nuqsonlar paydo bo‘ladi. Zarba, tebranish yoki harorat o‘zgarishlari natijasida qopqoq shikastlanishi va bankacha germetikligini yo‘qotishi mumkin. Saqlash tavsiyalarga rioya qilmaslik yoki yaroqlilik muddatining o‘tib ketishi qopqoqning bo‘rtib chiqishiga olib keladi. Darz ketgan, singan joylari bor, qopqog‘i shishib chiqqan yoki bukilgan bankachalarni xarid qilmang. Bundan tashqari, albatta, qopqoqni ochishdagi ovozga e’tibor qarating — siz yengil, ammo aniq qarsak tovushni eshitishingiz lozim. Bu ichidagilarni bolaga berish mumkinligining kafolatidir. Qarsak tovushni eshitmadingizmi? Bunday taomni bolaga berib bo‘lmaydi.
2. Karton
Karton qutichalarga, odatda, suyuq konsistensiyadagi mahsulotlarni quyishadi — sharbat va nektarlar, sut, sut kokteyllari, kompotlar, morslar. Shuningdek, ularga sabzavotli va mevali sho‘rva-pyurelarni, bo‘tqalarni ham qadoqlashadi. Quticha kartondan qilingan deb atalsa ham, u aslida turli materiallardan qilingan bir necha qatlamdan iborat — kartondan tashqari unda yupqa polietilen plyonka va alyuminiy folgasi mavjud. Bunday "qatlamli pirog" tashqi muhitdan samarali himoya vazifasini o‘taydi. Germetik qadoq barcha vitamin va foydali mikroelementlarni saqlab qoladi va shaffof shishadan farqli ravishda quyosh nurlarini o‘tkazmaydi. Qutichalarni saqlash qulayroq, ular zarbalarga chidamli va shisha qadoqlardan ko‘ra yengilroq. Biroq, kompozit materiallarni qayta ishlash shishadan ko‘ra qiyinroq.
Karton qutichalarni qanday tekshirish mumkin?
Ko‘pincha, qutichalar plastik trubochka va uning uchun folga bilan yopilgan teshikcha — yoki, ichida folga bilan qoplangan qopqoq bilan jihozlangan. Ba’zan, insofsiz xaridorlar do‘konda mazkur qoplamani ochishadi yoki u tashish vaqtida yirtiladi. Albatta, folga joyida ekanini, chetidan ochilmaganini yoki yirtilmaganini tekshiring. Agar quticha aylanib kiruvchi qopqoqqa ega bo‘lsa, qopqoq qadoqqa mahkam yopishganini va undan ajralmaganini, qopqoq ostidagi barcha "qulfchalar" butunligini tekshiring. Qutichada darz ketgan joylar, o‘yiqlar, shishib chiqishlar bo‘lmasligi lozim.
3. Plastik
Plastik konteyner va butilkalarda, odatda, bolalar sut va sut mahsulotlari — bo‘tqalar, biotvorog, yogurt yoki qatiqqa o‘xshagan ichimliklar sotiladi. Odatda, ularni maxsus folgalangan qoplama bilan yopishadi. Bunday bankachalar juda yengil bo‘lib, tushib ketganda sinmaydi — bu ularning asosiy afzalligi. Ammo, qadoq zarbalanganda, plastik deformatsiyalanishi, folga-qopqoq esa — yirtilishi mumkin, o‘shanda ichiga tashqi muhitdan patogen mikroorganizmlar tushishi mumkin.
Zavodda mahsulotga patogen mikroorganizmlarning tushishining imkoni yo‘q: chunki ishlab chiqarish jarayonida barcha jarayonlar to‘liq yopiq va avtomatlashtirilgan, tayyor mahsulot esa qattiq tekshiruvdan o‘tadi.
"Xarid vaqtida, siz foydali, mazali va xavfsiz mahsulotni sotib olayotganligingizga ishonch hosil qilish uchun, bolalar iste’mol mahsuloti qadog‘ining butunligini tekshirish juda muhim", — deya izoh bermoqda AJ "PROGReSS" ("FrutoNyanya" brendining) sifat bo‘yicha direktori Olga Krasnikova.
Plastik qadoqni qanday tekshirish mumkin?
Tashqi tekshiruv vaqtida plastik stakancha va butilkachalar butun bo‘lishi, o‘yiqlari bo‘lmasligi lozim. Qopqoqqa e’tibor qarating — u qadoqqa mahkam birlashgan va hech qayeri yirtilmagan bo‘lishi lozim.
4. Pyure uchun pauch-paketlar
Pauchlar — qadoqning nisbatan yangi turi bo‘lsa-da, ko‘pchilik ota-onalar uning shubhasiz qulayligiga baho berishdi. Bu xaltachaga o‘xshagan, yumshoq, ammo zich plastikdan qilingan, aylanib kiritiladigan plastik qopqoqqa ega qadoqdir. Bunday qadoqlarga pyure va pyuresimon desertlarni — bolaga yo‘lda berish mumkin bo‘lgan, u o‘z qo‘li bilan ushlab olib, mustaqil ravishda ovqatni undan siqib chiqara oladigan taomlarni joylashadi. Pauch qadoqda uchi maxsus bo‘lganligi tufayli, ota-onalar atrofdagi narsalarni ifloslanishidan qo‘rqmasliklari mumkin. Bunday qadoqlarni, ayniqsa, o‘zingiz bilan sayrga olib chiqish qulay — ular yengil, ixcham, sinmaydi va ezilmaydi.
Pauch-paketlarni qanday tekshirish mumkin?
Bu holda ham yana qadoqning butunligiga e’tibor qarating — pauchlarni yirtish yoki buzish juda qiyin, ammo bu ba’zan sodir bo‘ladi. Xavfli qismi — qopqoqchasi: ochish vaqtida, siz, qadoqning germetikligini bildiruvchi o‘ziga xos qarsak tovushni eshitishingiz lozim.
5. Quruq mahsulotlar uchun paketlar
Yumshoq plastik qadoqlar quruq mahsulotlarni — suv yoki sut bilan aralashtirish yoki qaynatish kerak bo‘lgan bo‘tqalarni, shuningdek, turli xil sneklarni (masalan, marmeladga o‘xshagan meva bo‘lakchalari) qadoqlash uchun ham ishlatiladi. Bunday qadoqlar mustahkam ZIP-qulf bilan ta’minlangan — u paketni germetik tarzda yopadi, mahsulotni sof holda saqlaydi va uni namlik kirishidan asraydi. Hatto bola yopiq qadoqni qo‘lga olganida va u bilan o‘ynashni istaganida ham ichidagilari to‘kilib ketmaydi.
ZIP-qulfli qadoqlarni qanday tekshirish mumkin?
Do‘konda qulfning germetikligini tekshiring — u butun va yirtilmagan bo‘lishi lozim. Qadoqning o‘zini ham tekshiring: bukilgan, darz ketgan joylar, tirqishlarning borligi — bu qadoqni tokchada qoldirish uchun asosdir. Do‘kon xodimini chaqiring, unga buzilgan mahsulotni ko‘rsating va boshqa xaridorlar uni olib ketmasligi uchun tokchadan olib tashlashini ayting.