Britaniyaning Donkaster shahridagi yovvoyi tabiat bogʻida Oltoy laqabli Amur yoʻlbarsi volyerga kirib olgan erkakni gʻajib tashladi. Hodisa 10-oktabr kuni yuz bergan edi.
Uch kundan soʻng, 13-oktabr kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmogʻida yoʻlbarsning hujumi aks etgan kadrlarni ulashib, postga «Tabiat bilan aslo oʻynashmang!» degan izoh qoldirdi.
Keyinroq u sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan boshqa bir rolikni joylashtirdi. Unda Trampning oʻzi maysazorda yoʻlbars bilan dumalab oʻynayotgani, soʻng uni quchoqlab olgani aks etgan.
Marhumning qarindoshlari bunga keskin munosabat bildirdi. Ular ijtimoiy tarmoqlarda «oʻta haqoratomuz kontent»ning tarqatilishi oʻziga ogʻir botayotganini taʼkidladi. Oila aʼzolari bunday materiallarni yoyishni toʻxtatishni soʻradi. Shuningdek, politsiya ham hujum tasvirlangan videoni tarqatmaslikka chaqirdi.
Halok boʻlgan britaniyalik Uilyam Chapman 23 yoshda edi. Yaqinlarining soʻzlariga koʻra, u samimiy, mehribon va ochiqkoʻngil yigit boʻlgan. U koʻp yillardan buyon ogʻir ruhiy xastalikdan davolanib, kuchli taʼsir qiluvchi dori-darmonlarni qabul qilib kelgan.
The Guardian nashrining yozishicha, fojia yuz bergan bogʻ tomoshabinlar uchun yopiqligicha qolmoqda. Maʼmuriyat odamga hujum qilgan yoʻlbars oʻldirilmasligini maʼlum qildi.















