Jahon | 09:20 / 18.07.2022
11148
4 daqiqa o‘qiladi

Ispaniya va Portugaliyadagi jazirama: qurbonlar soni 1000 dan oshdi

Ispaniya va Portugaliyada jazirama qurbonlari soni 1000 nafardan oshdi, deb xabar berdi BNO News. Meteorologlar haddan tashqari yuqori harorat uzoq vaqt saqlanib qolishidan xavotirda.

Foto: Reuters

Ispaniya va Portugaliyada jazirama qurbonlari soni 1000 nafardan oshdi. Bu haqda 17 iyul, yakshanba kuni Niderlandiyada joylashgan BNO News axborot agentligi Twitter’da ma’lum qildi. AFP xabariga ko‘ra, o‘sha kuni Madridda havo harorati Tselsiy bo‘yicha 39 darajagacha ko‘tarilgan. Mamlakat sharqidagi Don Benitoda rekord darajadagi 43,3 daraja harorat qayd etildi

Kataloniyaning La Vanguardia gazetasi xabariga ko‘ra, 16 iyul holatiga ko‘ra Ispaniyada kamida 360 kishi halok bo‘lgan. Ulardan 22 nafari Madrid provinsiyasida halok bo‘ldi, bir kishi - 60 yoshli farrosh ish joyida hayotdan ko‘z yumdi. Yana bir 50 yoshli erkak poytaxt yaqinidagi Torrexon-de-Ardoz ko‘chasida issiq urishdan vafot etdi. AFP agentligining ta’kidlashicha, shifokorlar jabrlanuvchiga yordam bera olmadilar, uning tana harorati 40 darajaga ko‘tarilgan. 

Portugaliyaning dengiz va atmosfera instituti - mamlakat milliy meteorologiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 14 iyul kuni Portugaliyaning Pinyan shahrida harorat rekordi (Tselsiy bo‘yicha 47 daraja) qayd etilgan. 

«Ko‘plab hududlarda - Portugaliyadan Fransiyaning markaziy qismigacha va janubi-sharqiy Yevropadagi hududlarda issiqlik uzoq vaqt (20 kun va undan ko‘proq) davom etishi mumkinligiga oid xavotirlar bor. Issiqlik iyul oyining oxirigacha davom etishi va avgustda ham kuzatilishi mumkin». — dedi AccuWeather Amerika prognozlar xizmatining katta meteorologi Tayler Roys. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap Vengriya, Xorvatiya sharqi, Bosniya va Gersegovina, Serbiya, Ruminiya janubi va Bolgariya shimolidagi bir qator hududlar haqida ketmoqda. 

Shu fonda Fransiya, Gretsiya, Portugaliya va Ispaniyada yong‘inlar avj oldi, o‘nlab kvadrat kilometr maydonlar yonib ketdi, minglab aholi va sayyohlar yashash va dam olish joylarini tark etishga majbur bo‘ldi, bir necha qutqaruvchilar halok bo‘ldi. 

Bu so‘nggi bir necha hafta ichida Yevropaning janubi-g‘arbiy qismida sodir bo‘lgan ikkinchi issiqlik to‘lqinidir. Olimlar haddan tashqari issiq haroratga iqlim o‘zgarishi sababchi ekanini bildirib, kelajakda qurg‘oqchilikning tez-tez va kuchli davrlarini bashorat qilmoqda. 

Buyuk Britaniyada 16 iyulda milliy inqiroz shtabi chaqirildi. Avvalroq Britaniya meteorologiya boshqarmasi mamlakatning ayrim hududlari uchun birinchi marta eng jiddiy «qizil» issiqlik ogohlantirish darajasini e’lon qilgan edi. Kelasi hafta boshida London va Manchester o‘rtasidagi Angliyaning katta qismida harorat 40 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Avvalgi rekord - 38,7 daraja harorat 2019 yilda Kembrijda qayd etilgan edi. 

Fransiyada, aksariyati Atlantika sohilida joylashgan ko‘plab departamentlarda yuqori harorat tufayli rasmiylar xavf darajasi oshirilganini e’lon qildi. U yerda harorat 41 darajagacha bo‘lgan issiqlik to‘lqini yana bir necha kun davom etishi kutilmoqda. 

Germaniya meteorologiya xizmati (DWD) ma’lumotlariga ko‘ra, bu hafta kutilayotgan issiqlik to‘lqini paytida Germaniyada harorat 40 darajaga yetishi mumkin, 19 iyulda esa eng yuqori cho‘qqiga chiqishi kutilmoqda. Meteorologlar prognozlariga ko‘ra, mamlakatning ko‘plab hududlarida havo harorati taxminan 35 darajagacha, janubi-g‘arb va g‘arbda 39 darajagacha, ehtimol 40 darajagacha ko‘tariladi. 

Mavzuga oid