00:11 / 28.01.2021
22577

O‘zbekistonda talabalar uylari quriladi

Prezident 1 oy ichida chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Prezident Shavkat Mirziyoyev talabalar uylari tashkil etish dasturini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.

«Oxirgi 4 yilda OTMlar soni 47taga ortdi. Bugungi kunda 129ta OTMda 500 mingdan ortiq talaba ta'lim olyapti. Lekin poytaxtning o‘zidagi jami 85ta talabalar uyida atigi 13 foiz yoshlar turar joy bilan ta'minlangan.

Yoki 18 ming talaba tahsil olayotgan Samarqand davlat universitetida bor-yo‘g‘i 1 600 o‘rinli yotoqxona mavjud.

Shuning uchun 2021–2023 yillarda talabalar uylari tashkil dasturi 1 oy ichida ishlab chiqilib, hukumatga kiritilishi kerak», – deya prezidentning 27 yanvar kungi selektordagi so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Davlat rahbari bu topshiriq ijrosini bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev, oliy ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov va moliya vaziri Timur Ishmetovga yukladi.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz bor e'tiborini o‘qishga qaratish o‘rniga, kvartira tashvishi bilan band uysiz talabalar muammolari haqida bir necha bor materiallar e'lon qilgan edi.

Shu oy boshida Oliy ta'lim vazirligi rasmiylari Kun.uz'ga ma'lum qilgandiki, turar joyga muhtoj talabalarning yotoqxona bilan ta'minlanishi ko‘rsatkichini 2020/21 o‘quv yili oxirigacha 35–36 foizga, 2025 yilgacha 50 foizga yetkazish mo‘ljal qilingan.

Bunda TTJlar davlat-xususiy sherikchiligi asosida quriladi.

«Bu borada 2021–2025 yilga mo‘ljallangan dasturni ishlab chiqib, taklif sifatida kiritdik. Bu tasdiqlanadigan bo‘lsa, 2021 yilning o‘zida 21ta TTJ quriladi va qo‘shimcha 8200 talaba yotoqxona bilan ta'minlanadi», – degandi vazirlik boshqarma boshlig‘i Otabek Bazarov.

Uning aytishicha, 2030 yilgacha motel va hostellar ham qurilib, ularning hisobiga talabalarning 90 foizga yaqini turar joyga ega bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.

Top