Qarshi shahrida havoga qo‘lansa hid chiqarayotgan korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahar Shayxali mahallasida yashovchi fuqarolarning shu mahallada joylashgan terini qayta ishlaydigan korxonaning havoga qo‘lansa hid tarqatayotgani va bundan aholi ozor chekayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mazkur murojaat yuzasidan munosabat bildirdi.
Munosabatda yozilishicha, viloyat Ekologiya boshqarmasi nazorat inspeksiyasi, atrof-muhit ifloslanishi monitoring bo‘limi, Qarshi shahar ekologiya nazorat inspeksiyasi tomonidan shahar hokimligi, Xalq deputatlari viloyat va shahar Kengashi deputatlari va hududda yashovchi fuqarolar ishtirokida holat o‘rganilgan.
O‘rganish davomida aholining fikr-mulohazalari to‘liq tinglangan. Aholi vakillari agar atrof-muhitga qo‘lansa hid chiqmasa korxonaning faoliyat yuritishiga qarshi emasliklarini bildirishgan. Shundan so‘ng mas’ullar tomonidan «QARSHI LEATHER» MChJdan chiqayotgan ishlab chiqarish oqova suvlari tashlanadigan kollektor joyida o‘rganilgan. Haqiqatan holat yaxshi emasligi aholining yashash tarziga, atrof-muhitga salbiy ta’siri borligi sababli vaqtincha MChJ tomonidan 17 kilometr masofadagi kanalizatsiya quvuri o‘tkazilguncha korxona faoliyati to‘xtatilgan.
«QARSHI LEATHER» MChJdan chiqayotgan ishlab chiqarish oqova suvlari tashlanadigan kollektorni vaqtincha yopib qo‘yishga qaror qilingan.
Viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining ma’lum qilishicha, 2020 yilda ham bir necha marta Shayxali mahallasi ahli Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda viloyat boshqarmasiga «QARSHI LEATHER» MChJga qarashli korxonadan atrofga qo‘lansa hid tarqalayotgani haqida murojaat qilgan.
Murojaatlarga asosan Qarshi shahar Koson yo‘li ko‘chasida joylashgan mazkur korxonadan chiqayotgan ishlab chiqarish oqova suvlarining zarari bo‘yicha tahlil olib borilgan. Tahlil natijalariga ko‘ra korxona chiqarayotgan oqova suvlarda atrof-muhitga chiqariladigan tashlanmalar me’yor darajasidan ortiqligi aniqlangan. MChJ rahbariyatiga bir necha bor ko‘rsatmalar taqdim etilib, korxona faoliyatini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, MChJga 345 million 766 ming so‘m atrof-muhitga yetkazilgan qoplama to‘lovi hisoblanib, zarar korxona hisobidan undirilgan. 2021 yilning o‘tgan davri mobaynida ham korxona faoliyati 4 marotaba o‘rganilib, oqova suvlarni tozalash uchun yangi zamonaviy texnologiyalar joriy etish, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilash yuzasidan majburiy ko‘rsatma berilgan va korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.
Korxona tomonidan esa viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga, majburiy ko‘rsatmada ko‘rsatilgan talablar to‘liq bajarilmaguncha korxona faoliyati to‘xtalishi bo‘yicha yozma axborot taqdim etilgan.
Ta’kidlanishicha, holat bo‘yicha o‘tkazilgan takroriy o‘rganishlar bo‘yicha to‘plangan barcha hujjatlar, tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etiladi.
Mavzuga oid
13:16 / 16.11.2024
5 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan korxona aniqlandi
08:08 / 07.11.2024
Monopoliyaga qarshi organ roziligisiz davlat ishtirokidagi korxona tashkil etilgan 4 ta holat aniqlandi
07:30 / 12.10.2024
Metroga yaqin korxonalar ish vaqti o‘zgarishi mumkin
14:20 / 07.09.2024