Qashqadaryo viloyatida 500 ming aholiga moʻljallangan Yangi Qarshi shahri barpo etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifi davomidagi yigʻilishda maʼlum qildi.

Davlat rahbariga koʻra, Yangi Qarshi shahri – Qarshi shahri, Koʻkdala va Qarshi tumani chegarasida, 5 ming gektar maydonda, 500 ming aholiga moʻljallab quriladi.

Qarshi tumanidagi kanal boʻyida esa 235 gektarlik “Yangi Nasaf” ekomajmuasining qurilishi boshlanadi.

“Nufuzli arxitektura kompaniyalari jalb etilib, ikki oyda ilgʻor shaharsozlik yechimlarini qamrab olgan bosh reja ishlab chiqiladi. Uni tayyorlash uchun dastlab 20 milliard soʻm ajratiladi. Yangi hududlarda koʻp qavatli binolar, savdo va biznes markazlari, uy-joylar “yashil” va “aqlli” shahar tamoyillari asosida quriladi”, – deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Qayd etilishicha, viloyatda koʻchat ekish va yashil hududlarni koʻpaytirish boʻyicha ham “Qashqadaryo tajribasi” yaratiladi. Har yili Navroʻz arafasida “Eng yashil mahalla” tanlovi oʻtkazilib, gʻoliblar elektromobil hamda boshqa qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi.

Image

Turizm

Shavkat Mirziyoyevning soʻzlariga koʻra, Qashqadaryoga yiliga 6 million turist jalb qilish uchun barcha imkoniyat bor. Yil boshidan viloyatga 2,5 million sayyoh kelgan, birgina Gʻelon qishlogʻiga tashrif buyurganlar soni 500 mingga yetgan.

Tatariston bilan hamkorlikda Gʻelondagi togʻ-changʻi kurortining birinchi bosqichini kelasi yil ishga tushirish rejalashtirilgan. Tabiati bilan Gʻelonga oʻxshash Chiroqchidagi Taragʻay, Kitobdagi Bashir va Yakkabogʻdagi Tatar qishloqlarini ham etnoturizm markazlariga aylantirish imkoniyatlari bor. Shahrisabz tumanidagi Sayyod va Suvtushar qishloqlarida togʻ daryolari negizida rafting va sport turizmini rivojlantirish mumkin.

Mutasaddilarga ushbu olti qishloq boʻyicha bir oyda master-reja tayyorlab, 1-martdan 50 million dollarlik loyihalarni boshlash topshirildi.

Shuningdek, har bahor Gʻuzorda “Lola va kabob”, Koʻkdalada “Chiyal yaxna” gastronomik festivallarini oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi.