Energetika tizimida amalga oshirilayotgan O‘zbekiston-Afg‘oniston hamkorligi ko‘pchilikka ma'lum. Ammo 40 yildirki, Afg‘oniston notinch mamlakat sifatida tilga olinadi. Energetika borasidagi hamkorlik Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan qo‘shnichilik aloqalarini yaxshilash, uning chegaradosh hududlariga elektr energiyasini eksport qilish, bu orqali mamlakatimiz iqtisodiyotiga chet el valutasi oqimini oshirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
O‘zimizdagi elektr ta'minotidagi uzilishlar bo‘layotgan bir paytda energiya eksportidan ne naf, degan fikrlar ham ayrim iste'molchilarimiz tomonidan bildirilayotgani bugungi kun haqiqati. Bu borada energetika tizimi mutaxassislari, hatto xorijiy ekspertlar ham o‘z fikrlarini bayon etishdi. Xulosa aniq: turli nosozliklar tufayli yoki simyog‘och va uskunalarni yangisiga almashtirishda (modernizatsiya dasturi) sodir bo‘ladigan uzilishlar energiya eksportiga bog‘liq emasligi endi ko‘pchilikka ma'lum. Bu borada iste'molchilar bilan bevosita ishlaydigan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ mutaxassislari jamoatchilik orasida tushuntirish ishlari olib bormoqda.

Bir muddat muqaddam, 15-16 sentabr kunlari Afg‘onistondagi magistral elektr uzatish tarmoqlari (bir nechta tarmoq ustunlari) jangarilar tomonidan portlatilgani haqida xabarlar xorijiy hamda mahalliy ommaviy axborot vositalarida tarqalgan edi. 14 sentabr soat 14:00dan keyin O‘zbekistondan Afg‘onistonga uzatilayotgan elektr energiya miqdorini qabul qilish darajasida keskin tushish holati ro‘y berib, bu odatdagidan qariyb 3 marta kam ekanligi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning Axborot xizmati tomonidan ma'lum qilindi.
24 sentabr kuni soat 17:00 lar atrofida uzatish quvvatida qisqa muddatli uzilishlar paydo bo‘lib, taxminan 17:40 larda tarmoqda yana yuklama paydo bo‘lgani, ammo oradan yarim soat vaqt o‘tgach, mavjud quvvat darajasi me'yordagidan qariyb 4,5 marta pasayib ketgani xabar qilingan edi. Bu voqea-hodisa Jamiyatning eksport salohiyatini pasaytirib yuborayotganiga xavotir bildirgan holda yuzaga kelgan nosozliklar afg‘on energetiklari — “Da Afghanistan Breshna Sherkat” (DABS) tomonidan tez orada bartaraf qilinib, energiya eksporti belgilangan tartibga muvofiq davom ettirilishiga umid bildirilgan edi.



















