Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Chigit mojarosi” ko‘rsatgan boshqa muammo: Ichki ishlar xodimlari hokimlarning noqonuniy buyruqlarini nega bajaradi?
Birovning bug‘doyini tortib olish, fermerlarni hibsga olish, tadbirkorlarning o‘z qonuniy mulkini boshqa viloyatga olib chiqishini taqiqlash kabi hokimlarning qonundan tashqari qiliqlarida IIB xodimlari ularga kamarbasta bo‘lyapti. IIV mulozimi ochiq ko‘rinib turgan muammoni tan olmadi.
Qashqadaryoda birja orqali sotib olingan chigit viloyat hududidan chiqarilmayotgani bir necha kundan beri muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, chigit ortilgan yuk mashinalari Chiroqchi tumanidagi “Umakay” postida YPX xodimlari tomonidan qonunga zid ravishda ushlab turilgan.
Noqonuniy topshiriq esa kimsan viloyat hokimi Murodjon Azimov tomonidan berilgani aytilmoqda. General-mayor unvoniga ega viloyat hokimining amaldagi qonunlarga zid og‘zaki topshirig‘i ichki ishlar xodimlari tomonidan maromiga yetkazib ijro etilmoqda.
Hokimning qonunga zid topshirig‘ini ijro etish rad etilmagani, aksincha, hamma xat-hujjati joyida bo‘lgan tadbirkorlarning haq-huquqlari oyoqosti qilinayotgani bizni ichki ishlar organlari xodimlari va hokimlar o‘rtasidagi munosabatni tahlil qilishga undadi.
Hokimlar yig‘ilishga kelgan biror bir fermerning tanobini tortib qo‘ygisi kelsa yoxud qaysidir fuqaroni tavbasiga tayantirib qo‘yishni istab qolsa, buni ichki ishlar xodimlarining qo‘li bilan amalga oshirishi – odatiy hol.

Ajablanarlisi, aslida qonun posboni hisoblanmish ichki ishlar organi rahbarlari va xodimlari hokimlarning ana shunday topshiriqlarini kiprik qoqmay ijro qilaverishga odatlanishgan. Bu topshiriqlar qonunlarga, insonlarning huquq-manfaatlariga zid ekani haqida o‘ylab ham ko‘rishmaydi.
Holbuki, mahalliy davlat hokimiyati rahbarlari ichki ishlar xodimlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri rahbari hisoblanmaydi. Rahbari bo‘lgan taqdirda ham noqonuniy ekani shak-shubhasiz ko‘rinib turgan topshiriqlar bajarilmasligi kerak emasmi?
Sharof Rashidov tumani hokimi ayrim fermerlar rejadan ortiq bug‘doy bermagani uchun ularning dalalaridagi g‘alla o‘rib olinishini taqiqlab qo‘ygani, Urganch tumanida IIB xodimlari hokimning topshirig‘iga ko‘ra, fuqaroning 30 tonna bug‘doyini tortib olgani, Kasbida tuman IIB boshlig‘i dala seminarida 11 kishiga kishan taqqani bilan bog‘liq voqealar shular jumlasidan.

Hokim yoki boshqa mansabdorning buyrug‘i qonunga zid bo‘lsa ham, nega IIB xodimlari ularning buyrug‘ini so‘zsiz bajaradi? Hokim hududning rahbari bo‘lgani bilan, u profilaktika inspektori yoki jamoat tartibini saqlashga mas’ul xodimning to‘g‘ridan to‘g‘ri rahbari emas-ku. Balki mana shu holatda hokimning noqonuniy talabiga bo‘ysunmagan xodimlar ustidan shikoyat qilishganda rahbariyat xodimining tarafini olish o‘rniga uning o‘zini jazolashi bu kabi holatlarga sabab bo‘layotgandir?
Biz mavzu yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i o‘rinbosari – huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i Baxtiyor Berdialiyevga yuzlandik. Uning javoblari, ochig‘ini aytganda, xafsalamizni pir qildi.
“Bilasizmi, nimagadir hokimlarning qarorlarini majburiy ijro etishda ichki ishlar idoralari ko‘proq yonida bo‘lib qoladi. Sababi, qonun bilan bizga jamoat tartibini saqlash vazifasi yuklatilgan. Qayerda hokim bo‘lsa, o‘sha yerda odamlar gavjum bo‘ladi. Odamlar gavjum joyda esa jamoat tartibini saqlash kerak bo‘ladi. Shunday paytda xodimlarimiz hokimning atrofida yurgandek ko‘rinib qoladi.
Bizning profilaktika inspektorlarimizning hokimga hech qanday bo‘ysunuvi yo‘q. Shunday holatlar bo‘lgan. Qaysi tumanligini aytmayman, profilaktika inspektori hokimning fermerlarni chaqirib kelish haqidagi topshirig‘ini bajarmasligini to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘ziga aytgan.
Tuman hokimligi xodim hokimga bo‘ysunmayotgani haqida IIVga shikoyat yozgan va bu shikoyat menga kelib tushdi. Sababini o‘rganganimizda profilaktika inspektori noqonuniy topshiriq olgani ma’lum bo‘ldi. Shundan so‘ng tuman hokimligiga borib, vaziyatni birgalikda muhokama qildik. Hokim profilaktika inspektori davlat rahbari bergan topshiriq ijrosini menga eslatib qo‘ydi, deb, shu yigitni haligacha yaxshi ko‘radi.
Hokimlar hozir xodimlarimizga hech qanday noqonuniy topshiriq bermaydi. “Snos” masalasini olaylik. “Snos” masalasini MIB bajaradi. Qonun bilan unga yuklatilgan. Bizga bir marta yuklatilgandi, profilaktika inspektorlari jarimalarni undirish masalasida MIBga yordam berish masalasida, biz faqat jamoat tartibini saqlashda yordam beramiz, deb aytdik. Hozir biror joyda ko‘ryapsizmi MIB xodimlari bilan birga profilaktika inspektorlarining jarimalarni undirib yurganini? Biz yordam berishimiz mumkin. Lekin qolgan masalalarni o‘zlari hal qilishadi”, – deydi IIV mulozimi.
Baxtiyor Berdialiyev hokimlarning noqonuniy topshiriq va talablarini bajarishdan bosh tortgan xodimlar xizmatdan bo‘shatilmasligini qo‘shimcha qildi.
Baxtiyor Berdialiyev shuningdek, 2021 yil iyun oyida Urganch tumanida sodir bo‘lgan, ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan voqea – IIB xodimlari hokimlik topshirig‘iga ko‘ra fuqaroning bug‘doyini tortib olganiga ham to‘xtalib, tortib olingan bug‘doy urganchlik oilaga qaytarilgani, hodisada ishtirok etgan xodimlar ushbu fuqarolardan uzr so‘raganini ma’lum qildi.
“Urganchda bo‘lgan voqea – bug‘doy bilan bog‘liq mojarodayam hokimning o‘zi noto‘g‘ri topshiriq bergani ma’lum bo‘ldi. Fermerning bug‘doyni talon-toroj qilgani tasdig‘ini topmadi. Surishtiruvlar boshlangandan keyin bu ishlarning noqonuniyligi aniqlanib, [tortib olingan] bug‘doy fuqaroga qaytarib berildi va undan uzr so‘raldi.
Ichki ishlar xodimlari bu jarayonda jamoat tartibini saqlash uchun borishgan. Biz klasterlar paydo bo‘lganidan keyin umuman bu masalani unutdik. Profilaktika inspektori mahallasida qandaydir voqea, deylik, g‘alla yig‘im-terimi bilan bog‘liq nizo sodir bo‘lsa ham, baribir borib xabar olishi kerak. Mahalla unikimi, hamma masala unga tegishli bo‘lgan. Shu sababli o‘sha yerda ko‘rinib qoladi u.
Fuqaro bilan gaplashdik. Xodimlarning noqonuniy harakatlari haqida hech qanday ariza bilan murojaat qilmadi. Shikoyat bo‘lmagani uchun hokim bilan cheklandik.
Hokimlarga shunday vazifa yuklatildi. Davlatimiz rahbari aqlli topshiriq berdilar xuddi shu narsaning oldini olish uchun. Hokim profilaktika inspektorining muammolarini, jinoyatchilik to‘g‘risidagi takliflarini, mahalla bo‘yicha qabul qiladi va amaliy yordam ko‘rsatadi. Ya’ni hokim profilaktika inspektoridan takliflarni qabul qiladi, unga topshiriq berolmaydi. Shunday tamoyil joriy qilinyaptiki, bundan buyon mahalla raisi va profilaktika inspektori mahallaning egasi bo‘ladi. Hokim ularning fikri bilan hisoblashadi. Ertaga hokimlar saylanadigan, bu masala yanada jiddiylashadi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, Qashqadaryo viloyati hokimligi “chigit mojarosi”da xatosini tan olib, muammoni hal qilish o‘rniga faqat bir-biriga zid bayonotlar bermoqda. Dastlab chigitni viloyat hududidan olib chiqib ketish uchun hisobvaraq-faktura taqdim etilmagani aytilgan bo‘lsa, keyinroq yuk mashinalariga klaster tomonidan texnik chigit o‘rniga urug‘lik chigit yuklab yuborilgani bahona o‘laroq keltirildi. Biroq bu vajlarga jamoatchilik ishongani so‘roq ostida.
Jarayonga Aksilmonopol qo‘mita va Biznes ombudsman ham aralashgan. Biroq ularning o‘rganishlari yakunida chiqaradigan qarorlaridan ko‘p narsa kutilayotgani yo‘q.
Jamshid Niyozov, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov
Mavzuga oid
13:51 / 11.12.2025
IIV va FIA O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligini oshirish bo‘yicha hamkorlikka kelishdi
09:28 / 11.12.2025
IIV va Huawei ommaviy tadbirlar xavfsizligini ta’minlashda yuqori texnologiyalarni qo‘llashga kelishib oldi
17:37 / 04.12.2025
Sirdaryodagi 9 ta tuman-shahar hokimlari Xitoyga yo‘l oladi
11:33 / 29.11.2025
