29 oktabr kuni “Xorazm yoşlari” gazetasi muharriri örinbosari Davlatnazar Rözmetov Qöşköpir tumanida hibsga olindi.

Davlat Nazar taxallusi bilan maqolalar yozgan jurnalist Qöşköpir tumani Ma'muriy işlar böyiça sud qaroriga köra 7 sutkaga qamalgan.

25 yoki 27 oktabr kuni Davlatnazar Rözmetov Qöşköpir tumani hokimligida ötkazilgan keçki yiğilişda qatnaşgan. Şundan söng, u uyiga kelmagan.

Rözmetovning turmuş örtoği Leninza Aliyeva sözlariga köra, bu voqea 25 oktabr, payşanba kuni sodir bölgan. Şu kuni keçqurun eri uyga kelmagan va Xiva tumanidagi narkologiya dispanseriga olib ketilgan:

“Otam vafot qilgani tufayli, Xiva tumanida ma'rakada edim. Uyga kelsam, heç kim yöq, bolalar ham qarovsiz qolgan ekan. Erim ba'zan töy, ba'zan xizmat yuzasidan işxonasida yoki döstlarinikida qolar edi. Bu safar ham şunday bölgandir, deb öyladim. Telefon qilsam, javob bermadi. Şundan söng, xavotir olib, yarim tunda Qöşköpir tumani IIBga qönğiroq qildim va erimning narkologiya dispanseriga olib ketilganini bildim. Navbatçidan gap nimada ekanini sörasam, “xavotir olmang, ertalab qöyib yuborişadi”, dedi. Ertasiga erimning özi qönğiroq qilib, “men işdaman, xavotir olma, töyda biroz içgan edim, majlisda sal quyuşqondan çiqibman”, deb aytdi”.

Qöşköpir tumanida ötkazilgan keçki yiğilişda qatnaşgan, tuman ijtimoiy soha böyiça boş mutaxassisi Doniyor Sadullayev sözlariga köra, voqea 27 oktabr kuni sodir bölgan.

“Şu kuni tuman hokimi Jörabek Rahimov yiğiliş ötkazdi. Unda mahalla raislari, kotiblari, tarğibotçilari qatnaşdi. Bir mahal Davlatnazar Rözmetov telefonini yuqoriga kötarib (kamerasini işlatgan holda bölsa kerak), “Yoraman hammasini!” (hammani boplayman) deb kirib ketdi. Uning içgani, mast ekani sezilib turardi. U içkarida biroz şovqin-suron kötardi, biroq heç kim bilan tortişmadi, janjal qilmadi. Içkariga kirib, “Bu oçiq majlismi yoki yopiq majlismi? Men “Xorazm yoşlari” gazetasi muharriri örinbosariman”, dedi. Bu majlisda paxta terimçilariga yoğ tarqatiş masalasi körilayotgandi. Menimça, Rözmetov bu yerda öqituvçi va şifokorlarni paxtaga çiqariş masalasi körilayotgan, deb öylagan şekilli. Majlisdan keyin özi ham buni tan oldi. Ammo bu yerda xalq ta'limi bölimi yoki tibbiyot birlaşmasidan heç kim yöq edi. Majlis tugaganidan söng, hammamiz çiqib ketdik. Rözmetov ham biz bilan birga çiqdi. Şundan keyingi voqealardan xabarim yöq”.

Majlisdan söng Davlatnazar Rözmetov IIB xodimlari tomonidan Xiva tumanidagi narkologiya dispanseriga olib ketilgan va ertalabgaça uşlab turilib, keyin qöyib yuborilgan. Şu kuni u uyiga kelmasdan, töğri işga — Urganç şahriga ketgan.