«Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimi ayrim fermerlar rejadan ortiq bug‘doy bermagani uchun ularning dalalaridagi g‘alla o‘rib olinishini taqiqlab qo‘ydi. Tuman hokimi Zoyir Mirzayev reja bajarilishi uchun shartnomadan tashqari yana 3 sentnerdan bug‘doy topshirishni talab qilyapti. Shartnomaga asosan har gektaridan 5 sentner bug‘doy topshirishimiz kerak, lekin 8 sentner topshirishga majburmiz. Buni topshirmasdan ilojimiz yo‘q. Bizning o‘z haqqimiz bo‘lgan bug‘doyimizni qaqshatib o‘rib ketishadimi? Axir, shartnomadan ortig‘i dehqonniki bo‘lishi kerak emasmi? Bizda ham bola-chaqa bor, umid bilan shu bug‘doydan tegarmikin, deb mo‘ltirab turgan ishchilarimiz bor. Qo‘shimcha majburiyat, muttahamlikdan boshqa narsa emas», deya Kun.uz’ga murojaat yo‘llashgan tumandagi «Ravot» mahalla fuqarolar yig‘inidagi bir guruh fermerlar.

Vaziyatni o‘rganish maqsadida Sharof Rashidov tumanidagi fermerlar bilan uchrashdik.

— «Ravot» — osmonga qaragan yurt, deydi eskilar. Men bejiz bu iborani keltirmadim. Biz lalmi yerlarda mehnat qilamiz. Yigirma yildan beri fermerman, ayni damda 67 gektarli fermer xo‘jaligini o‘g‘lim boshqaradi. Bu yil yog‘ingarchilik yaxshi kelgani tufayli, Xudoga behisob shukr, yaqin besh yilda ololmagan hosilimizni olyapmiz. O‘tgan yili rejani bajara olmaganimizdan yetmagan bug‘doyni bozor narxida sotib olib davlatga topshirganmiz. Yashirishdan nima foyda? Ammo bu yilgi hosilni ko‘rib o‘tgan yilgi qiyinchiliklarimiz esdan chiqdi, deb quvonganimizda, bari bekor ekanligini bildik.

Gap shundaki — joriy yilning 5 iyun kuni tuman hokimi Zoyir Mirzayev «Ravot» MFYda yig‘ilish o‘tkazgan. Shu yig‘ilishda barcha fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etishgan. Hokim barcha fermerlarga yig‘ilishda shartnomada belgilangan 5 sentner o‘rniga 8 sentner g‘alla topshirish kerakligini aytibdi. Rozi bo‘lmagan fermerlarning dalasiga kombayn berilmasligiga e'tiroz bildirganlarga «yana 3 sentnerdan bersang, o‘rib beradi, bo‘lmasa yo‘q», debdi.

Shuncha mehnat qilsak, shartnomani bajarsak, o‘zimizning va ishchilarning haqi qolgan bo‘lsa, shuni ham ololmasak, axir bu nima degan gap, hosilni ko‘rib biz fermerlar ham juda xursand bo‘lgan edik. Lekin, do‘ppini sal ertaroq osmonga otibmizmi, deyman. Chunki, avvalgi yillar qanday bo‘lgan bo‘lsa, o‘shanday siyosat davom etyapti. Yana fermerlar ustidan zo‘ravonlik, yana reja bajarilishi uchun fermerlarni qaqshatish... Axir, bu jazirama kunlarda bug‘doyning dalada qolib ketishi, kamida 10 foiz hosilni yo‘qotish, degani. Chunki, bug‘doy qurib-qaqshab ketsa, kombayn o‘rayotganda 10 foiz boshoq sinib yo‘q bo‘ladi», — deydi Davron ota Ahmedov