O‘zbekiston | 10:58 / 02.04.2025
3479
2 daqiqa o‘qiladi

Energiya samaradorligi milliy agentligi tashkil etiladi

2025 yil 1 iyuldan boshlab, uy-joylarning energiya auditini o‘tkazish, quyosh panellari, geliokollektorlar va issiqlik nasoslari o‘rnatish uchun aholiga 18 mln 750 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi.

“Energiya samaradorligini oshirish sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish va energiya servis kompaniyalari xizmatlari bozorini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

Vazirlar Mahkamasi huzurida Energiya samaradorligi milliy agentligi tashkil etiladi.

Energiya samaradorligini oshirish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, sohada rag‘batlantiruvchi va ta’sir etuvchi choralar ishlab chiqish va tartibga solish agentlikning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

2025 yil 1 iyuldan aholi uy-joylarining energiya auditini o‘tkazish xarajatlari hamda quyosh panellari va geliokollektorlar qiymatining 20 foizi va issiqlik nasoslari (havo, suv va geotermal) qiymatining 40 foizini, lekin BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda qoplash uchun agentlik tomonidan subsidiya ajratiladi.

2025 yil 1 sentabrgacha Energiya samaradorligini oshirish raqamli platformasi ishga tushiriladi.

Agentlik huzurida budjetdan tashqari Energiya samaradorligini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.

2025 yil 1 oktyabrga qadar ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar uchun texnologiyalar energiya samaradorligining “yashil” standartlari joriy etiladi.

Mavzuga oid