O‘zbekistonda kuydirgi kasalligi va boshqa xavfli yuqumli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi tabiiy o‘choqlar ustidan doimiy laboratoriya monitoringi yuritilmoqda. Tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot va tibbiyot muassasalari, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya sohasi mutaxassislari, jamoat tuzilmalari ishtirokida profilaktika va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar rejasi qabul qilinib, hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Bu jarayonda joylardagi sanitariya nazorati, veterinariya punktlari faoliyatini yanada takomillashtirish, oziq-ovqat mahsulotlari sifatini qat'iy nazoratga olishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari, bosh davlat sanitariya vrachi Saidmurod Saidaliyev bu xususda O‘zA muxbiriga ma'lumot bergan.
Qayd etish kerakki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish xalqaro tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, ayrim mamlakatlarda bir qator xavfli yuqumli kasalliklar, xususan, kuydirgi, Qrim-Kongo gemorragik isitmasi bo‘yicha vaziyat murakkab bo‘lib turibdi.
"Bu yil qish odatdagidan ancha iliq keldi. Bu xavfli yuqumli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi hasharotlarning ko‘payishiga zamin yaratdi. Bunday vaziyatda ushbu hasharotlar yashaydigan hududlarda kuzatuv, monitoring nazorat ishlarini kuchaytirish, dezinfeksiya, dezinseksiya, deratizatsiya ishlarini tizimli asosda tashkil etish muhim ahamiyatga ega. Olimlar va mutaxassislar arbovirusli infeksiyalarning etiologiyasi, epidemiologiyasi, epizootologiyasini o‘rganish yuzasidan ilmiy izlanish olib bormoqda.
Aytish joizki, kuydirgi va Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi qo‘zg‘atuvchilarining asosiy manbalari chorva mollari hisoblanadi. Shu bois profilaktika chora-tadbirlarini avvalo chorva mollari o‘rtasida o‘tkazish, veterinariya punktlari va laboratoriyalarining salohiyatini yuksaltirish muhim ahamiyatga ega. Ana shu vazifalarni bajarish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotir. Chorva mollarini o‘z vaqtida veterinariya ko‘rigidan o‘tkazish, yuqumli kasalliklarga qarshi emlash yo‘lga qo‘yilgan. Mol so‘yiladigan zamonaviy kushxonalar, maydonchalar barpo etilib, ular zarur vositalar bilan jihozlangan. Sifatli go‘sht va go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish, iste'molchiga sanitariya talablariga mos holda yetkazish tizimi shakllangan.
Kuydirgi va boshqa xavfli yuqumli kasalliklarning insonlar orasida uchrashining oldini olish borasida sanitariya-epidemiologiya sohasi va tibbiyot xodimlari tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilayotir. Chegara hududlarida faoliyat yuritayotgan sanitariya nazorati punktlarida chetdan kirib kelayotgan xorijiy fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Tibbiyot xodimlari hushyorligini oshirish maqsadida joylarda malaka oshirish mashg‘ulotlari, seminar-treninglar tashkil etilmoqda. Bu jarayonda kasallikning etiologiyasi, epidemiologiyasi, diagnostikasi, klinikasi, profilaktika va davolashning samarali usullari yuzasidan tajriba almashilmoqda", degan vazir o‘rinbosari.




