Newsweek (AQSH) yangiliklar jurnali Ukrainaning navbatdagi prezidenti lavozimiga daʼvogarlik qilishi mumkin boʻlgan toʻrt nafar siyosatchining nomini keltirdi. Nashr ushbu roʻyxatni AQSH prezidentining Ukrainada yangi saylov oʻtkazishga chaqirigʻi fonida tuzgan.

Newsweek roʻyxatida:

  • Valeriy Zalujniy. Ukraina Qurolli Kuchlarining sobiq bosh qoʻmondoni, hozir Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi;

  • Kirill Budanov. Ukraina harbiy razvedkasining (GUR) sobiq rahbari, hozir Ukraina prezidenti ofisi rahbari;

  • Mixail Fyodorov. Raqamlashtirish va sobiq mudofaa vaziri. Hozir isteʼfoda;

  • Pyotr Poroshenko. Ukrainaning beshinchi prezidenti, muxolifatdagi «Yevropa birdamligi» partiyasi yetakchisi.

10-oktabr kuni AQSH yetakchisi Donald Tramp Ukrainada yangi saylov oʻtkazish taklifini ilgari surdi hamda Volodimir Zelenskiyni AQShga zarar yetkazish niyatida ekanlikda aybladi.

«Men kelishuv tuza oladigan yangi yetakchini topishni taklif qilaman. Chunki u koʻplab bitimlar tuzishi mumkin edi, ammo negadir hech qachon bunday qilmadi», - dedi AQSH yetakchisi.

Ertasi kuni Zelenskiy ABC News telekanaliga bergan intervyusida, agar Rossiya 60 kunga oʻt ochishni toʻliq toʻxtatishga rozi boʻlsa, Ukraina prezidentlik saylovini tashkil etishga tayyorligini bildirdi. Kreml buni rad etdi va faqat saylov kuni hujumlarni toʻxtatishga tayyor ekanini maʼlum qildi.

Ukrainada prezidentlik saylovi 2024-yil mart oyi oxirida boʻlib oʻtishi kerak edi, biroq harbiy holat joriy etilgani sababli oʻtkazilmadi. Oʻsha yilning may oyida Zelenskiyning besh yillik vakolat muddati tugadi. Oʻshandan beri Moskva uni nolegitim prezident deb hisoblaydi.

Yevropa Ittifoqi, BMT va AQSH Davlat departamenti esa vakolat muddati tugaganiga qaramay, Zelenskiyni prezident sifatida tan olishda davom etmoqda.