Taklifga koʻra, issiqxonalar tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladigan ikkilamchi issiqlik energiyasidan foydalanishi mumkin.

Muqobil energiya manbalaridan foydalanish imkoniyati boʻlmagan holatlarda koʻmir yoqishga ham ruxsat berish masalasi koʻrib chiqilmoqda. Biroq bunda issiqxonalar zamonaviy sertifikatlangan qozonlar, samarali filtrlar va chiqindilarni tozalash tizimlari bilan jihozlanishi, atmosferaga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar miqdori belgilangan meyorlarga mos boʻlishi shart.

Shuningdek, ekologik talablarga oʻtadigan issiqxona xoʻjaliklari uchun subsidiyalar va soliq imtiyozlarini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Qoʻmita maʼlumotiga koʻra, ekologik xavfsiz isitish tizimlari bilan jihozlanmagan issiqxonalarning poytaxt mintaqasida faoliyat yuritishiga nisbatan taqiq saqlanib qoladi.

Taʼkidlanishicha, poytaxt mintaqasida tungi vaqtda havo haroratining keskin pasayishi va shamolsiz ob-havo sharoitida atmosferada inversiya tabiiy hodisasi kuzatilishi natijasida koʻmir yoqilgʻisidan foydalanadigan issiqxona xoʻjaliklaridan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar boʻyicha fuqarolarning murojaat va shikoyatlari koʻpaygan. Jumladan, Yunusobod tumani aholisi atmosfera havosi sifati yomonlashgani, shuningdek, issiqxonalarni isitish maqsadida koʻmirdan foydalanish oqibatida yuzaga keladigan noxush hidlar haqida xabar bergan.

Qoʻmita xabariga koʻra, fuqarolarning murojaatlarida keltirilgan barcha holatlar boʻyicha tegishli tashkilotlar tomonidan voqea joyiga chiqqan holda tegishli oʻrganish ishlari olib borilgan. Toshkent shahri atmosferasiga ifloslantiruvchi moddalarni chiqarayotgan shaxslarga nisbatan zudlik bilan qatʼiy choralar koʻrish uchun ishonchli maʼlumotlarni olish maqsadida havodan namunalar olingan.