20:56 / 12.07.2021
28336

Diniy qo‘mita Haj va Umra ziyoratidagi monopoliyani tan olmadi

O‘zbekistonda, ko‘plab boshqa mamlakatlardan farqli ravishda, xususiy sektor Haj va Umra ziyoratlarini tashkillashtirish huquqiga ega emas. Bunga izoh bergan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilshod Eshnayev mazkur ibodatlar “mukammal diniy bilimni talab qilishi”, shu sababli uni tashkil etish diniy tashkilotning huquqi ekanini aytdi.

“Biz dunyoviy, demokratik, huquqiy jamiyatda faoliyat yuritamiz. O‘zbekistonda Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish Vazirlar Mahkamasining 2017 yildagi 364-sonli qarori bilan tartibga solinadi. Mazkur qaror bilan Haj va Umrani tashkil etish huquqi jamoatchilik kengashiga berilgan. Jamoatchilik kengashining raisi din ishlari bo‘yicha qo‘mita hisoblanadi, uning o‘rinbosari O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi sanaladi. Shuningdek, kengash tarkibiga turli davlat va jamoat tashkilotlar vakillari kiritilgan.

Men buni monopoliya degan qarashga qo‘shilmayman. Fuqarolar ham to‘g‘ri tushunadi deb umid qilaman, chunki Haj va Umra – sayohat emas, ibodat hisoblanadi. Bu – mukammal diniy bilimni talab qiladigan va muayyan protsedura bilan bog‘liq bo‘lgan bir ibodat. Bu ibodatni amalga oshirish esa diniy tashkilotning o‘zining huquqi. Misol uchun, O‘zbekiston musulmonlar idorasi aynan mana shu yo‘nalish bo‘yicha respublikadagi markaziy boshqaruv organi sifatida tan olingan. Hamma fuqarolarimiz musulmonlar idorasini tan oladi.

Idora tomonidan Haj va Umra ziyoratining amalga oshirilishini monopoliya emas, o‘z faoliyatini amalga oshirish, deb hisoblayman. Qolaversa, tashkilot bundan muayyan bir foyda olmaydi. Chunki [Haj va Umra uchun to‘lovdan yig‘ilgan] bu mablag‘lar fuqarolarga xizmat ko‘rsatish qaratilgan pullar”, – dedi Dilshod Eshnayev 10 iyul kungi matbuot anjumanida.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Akmal Saidov ham mavzuga qo‘shimcha qilib, 7 marta Umra ibodatlarini ado etgani, Umra uchun turli davlatlardan kelgan musulmonlar o‘zbekistonlik ziyoratchilarga yaratilgan “sharoitlar va narxlarga havas qilgani”ga o‘z tajribasida guvoh bo‘lgani haqida gapirib o‘tdi.

“Nima demoqchi bo‘layotganingizni bilaman. Nima uchun, mana, qo‘shnilarda turfirmalar tashkil qiladi-ku, deydi. Qilsin turfirmalar ham, kim taqiqlaydi?” – ta'kidladi Akmal Saidov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistondan Umra ziyoratiga boruvchilar soni dastlab 2018 yilda 6 ming kishidan 10 ming kishiga oshirilgan edi. 2019 yilga kelib Umraga boruvchilar soniga qo‘yilgan cheklov butunlay bekor qilindi va ushbu muqaddas safarga O‘zbekistondan cheklanmagan miqdorda ziyoratchilar borishi mumkinligi belgilandi.

Haj ziyoratiga boruvchilar soni esa 2017 yilda 5200 nafardan 7200 nafarga oshirildi. 2020 yil fevraldan Toshkent–Madina yo‘nalishida aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi.

Lekin, amaldagi qonun hujjatlariga ko‘ra, O‘zbekistonda Haj va Umra ziyoratlarini tashkillashtirish bilan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasigina shug‘ullana olishi mumkin xolos.

Foto: Getty Images

Garchi qonunchilikda xususiy turoperatorlarning mazkur faoliyat bilan shug‘ullanishiga rasmiy cheklov bo‘lmasa-da, “hujjatlarda bu narsa ko‘zda tutilmagan” degan sabab bilan ularning Umra ziyoratini tashkil etishi, ziyoratchilar uchun Umra vizasini olishiga yo‘l berilmay kelmoqda.

Musulmonlar idorasi xodimi Muhammad Akmalxon Shokirov 2020 yil fevralidagi matbuot anjumanida aytgandiki, idora Saudiya Arabistoni podshohligining Toshkentdagi elchixonasiga iltimosnoma kiritib, idora taqdim etgan ro‘yxatdan tashqari boshqa fuqarolarga Umra vizasi bermaslikni so‘ragan.

Bundan tashqari, Toshkent–Jidda yo‘nalishida qatnovchi samolyotlar xizmatidan xususiy turfirmalar orqali ketayotgan ziyoratchilar foydalana olishmaydi, chunki bu yo‘nalishdagi chiptalar ochiq savdoda yo‘q.

Yaqinda yangi tahrirda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan birinchi loyihasi 15-moddasida: “Din ishlari bo‘yicha qo‘mita O‘zbekiston fuqarolarining mamlakat tashqarisidagi ziyorat joylariga borishini, shu jumladan, Haj va Umra ibodatini amalga oshirishni tashkil qiladi”, degan qoida aks etgan edi.

Jamoatchilik bunga “monopoliyani rasman hujjatlashtiruvchi norma” sifatida baho berib, e'tiroz bildirgach, bu modda qonun loyihasidan chiqarildi.

Mavzuga oid
Top