10 may kuni Ukraina favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati va Odessa shahar kengashi so‘nggi raketa zarbalari oqibatlari aks etgan fotolarni e’lon qildi.

Qutqaruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi raketalar Odessa rayonining Fontanka qishlog‘idagi savdo markaziga, shuningdek Suvorov rayonidagi uchta omborxonaga kelib tushgan. Omborxonada bir kishi halok bo‘lgan, ikki kishi yaralangan. Fontankada uch kishi tan jarohati olgan. O‘t o‘chiruvchilar yarim tunda olovni o‘chirishgan.

Ukraina qurolli kuchlarining «Janub» operativ qo‘mondonligi xabar berishicha, rossiyalik harbiylar Odessaga aviatsiyadan foydalangan holda zarba bergan. So‘nggi hujum vaqtida jami yettita raketa uchirilgan.

T.ME/ODESACITYOFFICIAL

Ukraina qurolli kuchlari rossiyalik harbiylar nisbatan eskirgan, ya’ni nishonga aniq bormaydigan raketalardan foydalangani, bu zarbalardan maqsad «hududdagi infratuzilma obektlari va fuqarolarga psixologik bosim o‘tkazish» bo‘lganini ma’lum qildi.

Rossiya mudofaa vazirligi fevral oyidan buyon zarbalar nishoni harbiy infratuzilmalar, raqibning «jonli kuchlari», shuningdek Ukraina tomonida urush qilish uchun kelgan xorijlik jangchilar ekanini aytib keladi. Rossiya harbiylari 9 may tunida Odessaga berilgan zarbalar yuzasidan izoh bermadi, Ukraina tomoni dushanba kuni kunning birinchi yarmida Odessa oblastiga Qrimda joylashgan «Bastion» raketa majmuasidan «Oniks» tipidagi to‘rtta raketa infratuzilma obektlari tomon uchirilganini ma’lum qilgandi. Rossiya harbiylarining bu hujumlari nishoni Odessa oblasti Arsiz aholi punktidagi maydonda turgan ukrain vertolyotlari bo‘lgani aytilgan.

9 may kuni kunduzi «Janub» qo‘mondonligi Odessa oblasti hududiga navbatdagi hujumlar haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, Tu-22 bombardimonchi samolyotidan uchta «Kinjal» rusumli raketalar uchirilgan. Rossiya mudofaa vazirligi bu hujum bo‘yicha ham izoh bermagan.

T.ME/ODESACITYOFFICIAL

Bu zarba yo‘llangan vaqtda Odessaga Yevropa kengashi raisining tashrifi amalga oshirilayotgandi.

«Odessa hududi rossiyaliklar raketalari bilan deyarli har kuni o‘qqa tutilmoqda, bugun men va Sharl Mishelning tashrifimiz vaqtida ham hujum qilindi», degan Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal.