“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tugʻilish koʻrsatkichlarining uzoq muddatli prognozini eʼlon qildi. Tadqiqot natijalariga koʻra, Oʻzbekistonda tugʻilishlar soni kelgusi yillarda oʻsishda davom etadi va bu taxminan quyidagicha boʻladi:

  • 2030-yilda - 892,7 ming nafar;
  • 2040-yilda - 1 016,1 ming nafar;
    2050-yilda - 1 234,1 ming nafar.

Shu tariqa, 2050-yilga kelib tugʻilishlar soni 2025-yilga nisbatan 354,5 ming kishiga yoki 40,3 foizga koʻpayishi kutilyapti. Hududlar kesimida eng yuqori oʻsish surʼatlari:

  • Toshkent viloyati - 62 foiz;
  • Toshkent shahri - 61 foiz;
  • Andijon viloyati - 48,6 foiz;
  • Samarqand viloyati - 43,3 foiz;
  • Namangan viloyati - 42,4 foiz.

Tugʻilishning umumiy koeffitsiyenti boʻyicha esa oʻrta muddatda biroz pasayish, keyinchalik barqaror oʻsish tendensiyasi kutilyapti. Respublika boʻyicha ushbu koʻrsatkich 2030-yilda 21,2 promille, 2040-yilda 20,8 promille, 2050-yilda esa 21,9 promilleni tashkil etishi mumkin.

2050-yilda tugʻilish koeffitsiyenti eng yuqori boʻlishi kutilayotgan hududlar:

  • Surxondaryo viloyati - 24,7 promille;
  • Qashqadaryo viloyati - 23,8 promille;
  • Namangan viloyati - 23,1 promille;
  • Samarqand viloyati - 23,1 promille;
  • Andijon viloyati - 22,9 promille;
  • Toshkent shahri - 22,3 promille.

“Tugʻilishlar sonining prognoz qilinayotgan oʻsishi kelgusi yillarda taʼlim, sogʻliqni saqlash, maktabgacha taʼlim, uy-joy, ijtimoiy xizmatlar va mehnat bozori infratuzilmasiga boʻlgan ehtiyojni ham oshiradi. Shu nuqtai nazardan, demografik oʻzgarishlarni oldindan baholash davlat resurslarini samarali taqsimlash, hududlarni kompleks rivojlantirish va inson kapitaliga investitsiyalarni strategik rejalashtirish imkonini beradi”, deyiladi ilmiy-tadqiqot instituti xabarida.