Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat Qurolli kuchlariga Rossiya hududiga uzoq masofali uchuvchisiz uchish qurilmalari bilan zarbalar sonini kuniga 1000 taga yetkazish vazifasini qoʻydi. Bu haqda u 28-avgust kuni Telegram orqali eʼlon qilingan videomurojaatida maʼlum qildi.

Zelenskiyning aytishicha, u Oliy bosh qoʻmondon stavkasi yigʻilishini oʻtkazgan. Yigʻilishda asosiy eʼtibor Rossiya Qurolli kuchlarining Ukrainaga zarbalaridan himoyalanish uchun qurol-yarogʻ ishlab chiqarish hajmini maksimal darajada oshirishga qaratilgan.

Xususan, reaktiv Shahed dronlaridan himoyalanish imkoniyatlarini kuchaytirish hamda Rossiya hududiga uzoq masofali zarbalar chastotasini yanada oshirish masalalari muhokama qilingan.

«Vazifa - Rossiyaga kuniga mingta dron bilan uzoq masofali “sanksiyalar”. Hozir bunday uzoq masofali “sanksiyalarimiz” kuniga oʻrtacha 300 tadan ortiq. Bu koʻproq boʻlishi kerak», - dedi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti bu «mutlaqo aniq maqsad» ekanini taʼkidlab, Kiyev ushbu vazifani bajarishini bildirdi.

Kiyevga Moskvadagi uchrashuvlar haqida maʼlumot berilgan

Zelenskiy videomurojaatida AQSH tomoni Kiyevni soʻnggi kunlarda Moskvada boʻlib oʻtgan uchrashuvlar haqida xabardor qilganini ham maʼlum qildi.

«Maʼlumot va Rossiya bilan muloqotdagi zarur ohang uchun minnatdorman. Biz qadamlarning muvofiqlashtirilayotganini va Amerika nima qilish kerakligi boʻyicha mutlaqo realistik qarashni ilgari surayotganini qadrlaymiz», - dedi u.

Zelenskiyning taʼkidlashicha, Rossiya urushni tugatishi va buning uchun zarur sharoitlar yaratilishi kerak.

MRB rahbari Moskvaga borgan edi

Bundan avval, 25-avgust kuni AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Jon Retkliff eʼlon qilinmagan tashrif bilan Moskvaga borgani xabar qilingan.

Keyinroq AQSH prezidenti Donald Tramp radio orqali bergan intervyusida ushbu tashrifni «yarim odatiy» deb atagan va Ukrainadagi urush tugashini istashini yana bir bor bildirgan.

«Biz Ukraina bilan urush tugashini istardik», - degan Tramp.