“Katta bir ofat keldi” – ovakentlik o‘zbeklar zilzila sodir bo‘lgan kunni qanday eslashadi?
Turkiyaning Suriyaga yondosh, chegaradosh Hatay viloyati 6 fevral zilzilalaridan eng ko‘p jabr ko‘rgan hududlaridan biri. Hatayning Ovakent qishlog‘ida 40 yildan beri 10 mingdan ortiq etnik o‘zbeklar yashab kelishadi. Kun.uz muxbiri Turkiyadagi zilzilalar oqibatlarini o‘rganish davomida Ovakent qishlog‘ida ham bo‘lib, u yerlik o‘zbeklar bilan suhbatlashdi.
“Asr fojiasi” deya aytilayotgan zilzilalar oqibatida 150 ga yaqin ovakentlik halok bo‘lgan. Shundan 70 nafarga yaqini bolalar bo‘lgan.
Ovakentlik Hanifaxon aya Yer silkingan o‘sha mudhish tongni shunday xotirlaydi:
“Namoz vaqti bo‘lgan bo‘lsa, namozimni o‘qiy, dedim. Soatga qarasam, to‘rt bo‘lgan ekan. Hali olti yarimda azon aytadi, ungacha o‘tirib turay, dedim. O‘tirishim bilan “guvullab ketdi”. O‘g‘limning oldiga borib, “turinglar, yer qimirlayapti” deb uyg‘otdim. Hammani uyg‘otib, ostonaga chiqquncha zilzila “olib urdi”. O‘g‘limga oraliqdan yurma, dedim. Gapimdan shoshib qolib, oraliqdan yugurib ketayotganda devorga urildi. O‘zi shifoxonaga tushdi. Qo‘lidagi 1 yoshli o‘g‘lining ahvoli yaxshi”.
1982 yilda Ovakentga ko‘chib kelgan o‘zbeklar 1 qavatli kottej uylar bilan ta’minlangan. Uylar eskira boshlagach, sharoitlari ham o‘nglana borgan ovakentliklar o‘zlari uchun eski xonadonlari o‘rnida 2-3 qavatli uylar qura boshlashgan.
Ko‘p qavatli uylarning asosan 1-qavati yer silkinishi oqibatida qulab tushib, 2-qavat 1-qavat o‘rniga tushib, bosib qolgan. Mahallalar elektr energiyasi, ichimlik suvi, aloqa va barcha infratuzilmalardan uzilgan.
“Biz 20 yil avval Afg‘onistondan Turkiyaga ko‘chib kelganmiz. O‘tgan yillar ichida kichik yer silkinishlari bo‘lib turgan. Lekin bunday dahshatli zilzilani ko‘rmadik. Katta bir ofat keldi. Ko‘p aqrabolarimizni yo‘qotdik”, — deydi ovakentlik Iqbol O‘zbek.
Boshqa zilzila hududlarida bo‘lgani kabi Ovakentda ham ayni paytda aholi vaqtinchalik chodirlar bilan ta’minlangan. Ko‘ngillilardan iborat yoshlar esa bolalar uchun turli ko‘ngilochar tadbirlar uyushtirishmoqda.
Sardorbek Usmoniy, jurnalist
Mavzuga oid
12:40 / 15.11.2024
Navoiyda salkam 4 balli yer silkinishi sodir bo‘ldi
11:53 / 13.11.2024
Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi Surxondaryoda sezildi
16:43 / 06.11.2024
Erdo‘g‘an turkiyzabon davlatlarni umumiy alifboga o‘tishga chaqirdi
18:09 / 05.11.2024