Iqtisodiyot | 19:55 / 25.12.2025
1201
3 daqiqa o‘qiladi

Qanday holatda xorijdan havo tozalagich buyurtma qilinganda bojxonada qo‘shimcha pul to‘lashga to‘g‘ri keladi?

Dekabr oyining boshida shaxsiy ehtiyojlar uchun maishiy havo tozalash uskunalarini O‘zbekiston hududiga olib kirishda bojxona boji bekor qilingandi. Ammo e’tibor berish lozim bo‘lgan ayrim jihatlar bor. Masalan, Xitoydan 320 dollarlik qurilma buyurtma qilinsa, 200 dollarlik limitdan ortiqcha 120 dollar uchun 36 dollar yagona bojxona to‘lovi undiriladi.

Foto: Getty images

Atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish uchun «Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilingandi.

Farmonda tadbirkorlik sub’yektlari va fuqarolar tomonidan maishiy havo tozalash uskunalari O‘zbekiston hududiga olib kirilganda bojxona bojidan ozod etilishi ko‘zda tutilgan.

Shundan keyin qurilmalarni bojsiz olib kirish bilan bog‘liq tushunmovchilik va e’tirozlar paydo bo‘ldi. Xususan, jurnalist Sardor Salim o‘zining Facebook sahifasiga shaxsiy ehtiyoj uchun bitta dona havo tozalagich olib kirish o‘zini oqlamasligi haqida yozdi.

«Muvofiqlik sertifikatlari, deklarant xizmatlari va qolgan qog‘ozbozlikni qilib, kattaroq partiya (100-200 ta uskuna) olib kirsangiz pulini oqlaydi. Masalan, o‘zingiz uchun bitta dona havo tozalagich olib kirsangiz, bojni to‘liq to‘lar ekansiz. Amazon’dan buyurtma qilgan edim, mening xatoyimni qaytarmang. Doimgidek, tor guruhlar manfaati ximoya qilinibdi», deya qayd etgan u.

Boshqa bir holatda ham bojxonada boj to‘lanishi talab etilgani aytilgan.

«AQShdan buyurtma qildim. Kecha keldi. Bojxona boj to‘lashimni talab qilyapti. 200 dollar limitdan oshgani sabab. Bojxonachiga farmonga asosan bojdan ozod etilganini tushuntira olmadim. Bojni to‘lamasam, qaytarib yuborishning ham iloji yo‘q ekan. Bojni to‘lasam bizdagi narxdan ancha qimmatga tushyapti», deyiladi murojaatda.

Kun.uz holatga aniqlik kiritish maqsadida Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati bilan bog‘landi. Ma’lum qilinishicha, boj bekor qilingan. Jismoniy shaxslar o‘z shaxsiy ehtiyojlari uchun belgilangan norma doirasida maishiy havo tozalash uskunalarini bojsiz olib kirishlari mumkin. Bunda bojsiz olib kirish normasidan ortgan qismiga yagona bojxona to‘lovi (bojxona qiymatidan 30 foiz, lekin har bir kilogrammi uchun 3 AQSh dollaridan kam bo‘lmagan miqdorda) undiriladi. Ayni paytda amaldagi normalar quyidagicha:

  • havo transportida — 1000 AQSh dollari;
  • temiryo‘l va daryo transportida — 500 AQSh dollari;
  • avtomobil (piyoda) o‘tkazish punktlari orqali — 300 AQSh dollari;
  • xalqaro kurerlik jo‘natmalari orqali — 200 AQSh dollari (1 kalendar oy davomida);
  • xalqaro pochta jo‘natmalari orqali — 100 AQSh dollari (1 kalendar oy davomida).

Bunda 1 oy davomida narxi 200 dollardan arzonroq havo tozalagich uchun buyurtma berilsa, hech qanday qo‘shimcha to‘lovlarsiz bojxonadan olib chiqib ketish mumkin. Agar qurilma qiymati, masalan, 320 dollar bo‘lsa, limitning ortiqcha 120 dollar uchun 36 dollar yagona bojxona to‘lovi to‘lanadi.

Mavzuga oid