O‘zbekiston | 11:52 / 10.08.2023
7132
2 daqiqa o‘qiladi
Reklama

2022 yilda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” eng ko‘p zarar ko‘rgan tashkilot bo‘ldi. Kompaniya axborot xizmati izoh berdi

Kompaniyaning 2023 yil uchun tasdiqlangan biznes rejasida ham yilning zarar bilan yakunlanishi nazarda tutilgan. Bu elektr energiyasi qimmat narxda xarid qilinib, arzon sotilayotgani bilan izohlanmoqda. 2022 yilda har bir kW.soatdan 39,4 so‘mdan zarar ko‘rilgan.

Foto: O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan 2022 yilda eng ko‘p foyda va zarar ko‘rgan davlat ishtirokidagi korxonalar ro‘yxati e’lon qilingandi. Unda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ yilni 4,34 trillion so‘m zarar bilan yakunlagani qayd etilgan. Kompaniya axborot xizmati buning sabablarini ma’lum qildi.

Qayt etilishicha, aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy faoliyati bo‘yicha asosiy daromadi – elektr energiyasining xaridi va sotuvidan shakllanadi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasining 7-, 10- va 12-sonli bayonlari bilan tasdiqlangan tarmoq ichki tariflariga asosan, elektr energiyasini sotib olish (o‘rtacha 388,1 so‘m) va sotish (o‘rtacha 348,8 so‘m) narxlari orasidagi manfiy tafovut mavjud. Buning natijasida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” har bir kW•soatdan 39,3 so‘m zarar ko‘radi. Ya’ni aksiyadorlik jamiyati elektr energiyasini qimmat xarid qilib, arzon sotadi.  

Misol uchun, 2023 yilning I choragida elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi korxonalardan jami 18,6 mlrd kW•soat elektr energiyasi QQS bilan o‘rtacha 426,2 so‘mdan xarid qilinib, hududiy elektr tarmoq korxonalariga 18,8 mlrd kW•soat hajmda o‘rtacha 405,4 so‘mdan sotilgan, ya’ni har bir kW•soatdan 20,8 so‘mdan zarar ko‘rilgan.  

Ma’lumot uchun, aksiyadorlik jamiyatining 2023 yil uchun tasdiqlangan biznes rejasida kompaniyaning joriy yildagi faoliyati ham zarar bilan yakunlanishi nazarda tutilgan.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid