O‘zbekiston | 16:06 / 12.08.2021
12346
2 daqiqa o‘qiladi

Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi direktori vafot etdi

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi direktori Nurlibek Mirzamuratov vafot etdi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi xabar berdi.

Nurlibek Mirzamuratov 1963 yil 4 sentyabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida tug‘ilgan. 1990 yilda Toshkent avtomobil yo‘llari institutini tamomlagan, mutaxassisligi bo‘yicha muhandis-quruvchi. “Adolat” sotsial demokratiyalik partiyasi a'zosi, 2012-2014 yillar oralig‘ida Xalq deputatlari Mo‘ynoq tumani Kengesi deputati, 2014-2019 yillar oralig‘ida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi  deputati bo‘lgan.

1996 yilda «EKOSAN» xalqaro tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali yetakchi mutaxassisi, 1996-2005 yillar «EKOSAN» xalqaro tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali direktorining o‘rinbosari, 2005 yildan 2018 yilgacha «EKOSAN» xalqaro xayriya jamoat fondining Qoraqalpog‘iston hududiy tashkilotining direktori lavozimida ishlab kelgan. 2018 yil oktabr oyidan umri oxirgi kunlarigacha O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi direktori lavozimida samarali faoliyat yuritib keldi.

Nurlibek Mirzamuratov ish faoliyati davomida, keyingi yillarda Orol dengizi qurigan tubida sho‘rlangan yerlarda ekotizim va barqaror turmush darajasini ta'minlash, xalqaro tashkilotlar bilan innovatsiya va yerlarning sho‘rlangan hududlarida ekologik muammolarni hal qilish bo‘yicha mahalliy olimlar va chet ellik xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni tashkil etish va tajriba uchun eksperimental maydonlarni yaratish ishlarida faol xizmat ko‘rsatib kelgan.

Fidokorona xizmatlari e'tiborga olinib,  2020 yilda u O‘zbekiston hukumati tomonidan «Vatan fidoyisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Mavzuga oid