O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta'minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, geologiya qidiruv ishlari, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va narxlarni shakllantirish ishlarining samarasizligi respublika iqtisodiyoti va aholisining energiya resurslari bilan to‘liq ta'minlanmasligiga, neft-gaz tarmog‘i korxonalari moliyaviy holatining yomonlashuviga olib keldi.

Jumladan, so‘nggi 20 yilda tabiiy gaz qazib olish hajmi 8 foizga oshgani holda mamlakat korxonalari tomonidan uni qazib olish hajmi 29 foizga pasaydi, 2008-2018 yilda tasdiqlangan tabiiy gaz zaxiralari 4 foizga qisqardi, o‘tgan 5 yil davomida tabiiy gazning tabiiy zaxiralari o‘rnini to‘ldirish bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 70 foizga yaqin hajmni tashkil etdi.

2017-2018 yillarda moliyaviy mablag‘larning yetishmasligi va moddiy-texnik resurslarning taqchilligi natijasida tabiiy gaz qazib olishning o‘sishi prognoz ko‘rsatkichlariga nisbatan 42 foizni tashkil etgan xolos.

Tartibga solish funksiyalari va tijorat faoliyatini o‘zida birlashtirgan boshqaruvning eskirgan va shaffof bo‘lmagan tizimi neft-gaz tarmog‘i korxonalarida zamonaviy menejmentni joriy etishga, ularning moliyaviy barqarorligi va rentabelligini oshirishga to‘sqinlik qilmoqda.

Respublika iqtisodiyoti va aholisining energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish, neft-gaz tarmog‘i korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirishni ta'minlash, qabul qilingan xalqaro amaliyot asosida sog‘lom raqobatni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, zamonaviy raqamli texnologiyalarni va ilg‘or boshqaruv usullarini joriy etish maqsadida:

Xalqaro konsalting kompaniyalari va xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining neft-gaz tarmog‘ini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilgan.

O‘zbekiston Respublikasining neft-gaz tarmog‘ini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha respublika ishchi komissiyasi tuzildi.

Respublika ishchi komissiyasi (A.N.Aripov) bir oy muddatda:

a) amalga oshirilayotgan islohotlarni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining neft-gaz tarmog‘ini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni tasdiqlaydi va bunda quyidagilarga alohida e'tibor qaratadi:

uglevodorod xomashyosini qazib olish hajmlarini ko‘paytirish;