O‘zbekiston | 17:57 / 14.01.2026
8926
2 daqiqa o‘qiladi

Xavfsizlik kamarini taqmaslikka ruxsat beriladigan kasalliklar ro‘yxati tasdiqlandi

Ro‘yxat hukumatning «Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, unga 20 ta kasallik kiritilgan.

Foto: Shutterstock

Sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan xavfsizlik kamarini taqish imkoni bo‘lmagan kasalliklar va holatlar ro‘yxati tasdiqlandi.

Ro‘yxat hukumatning «Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, unda belgilangan kasalliklarga ega va tibbiy ma’lumotnomasi mavjud fuqarolarga xavfsizlik kamaridan foydalanmaslikka ruxsat beriladi.

Hujjatga ko‘ra, ro‘yxatga suyak sinishlari, og‘ir yurak-qon tomir va o‘pka kasalliklari, nafas olish yo‘llari kasalliklari, past bo‘ylik, ayrim jarrohlik amaliyotidan keyingi holatlar, shuningdek, jismoniy cheklovlar bilan bog‘liq kasalliklar kiritilgan.

Ro‘yxat sog‘liqni saqlash vazirining 2025 yil 24 dekabrdagi 29-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan.

Mazkur kasalliklar mavjudligini tasdiqlovchi elektron tibbiy ma’lumotnoma QR-kod bilan rasmiylashtiriladi va «Elektron sog‘liqni saqlash» axborot tizimi orqali beriladi. Ma’lumotnoma bemor biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasi yoki u davolangan tibbiyot tashkiloti tomonidan rasmiylashtiriladi.

Tibbiy ma’lumotnoma kasallik turiga qarab 1 yilgacha bo‘lgan muddatga yoki doimiy (muddatsiz) tarzda berilishi mumkin.

Yo‘l harakati qoidalariga muvofiq, haydovchi va old o‘rindiqdagi yo‘lovchilar harakat boshlashdan oldin avtomobil xavfsizlik kamari bilan jihozlangan bo‘lsa, kamarni majburiy tarzda taqishi lozim.

Haydovchi, shuningdek, yo‘lovchilarni xavfsizlik kamari taqishga ogohlantirish majburiyatiga ega. Orqa o‘rindiqdagi yo‘lovchilar uchun esa bu talab shartli bo‘lib, 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar, homilador ayollar va sog‘ligi sabab kamar taqolmagan shaxslar bundan mustasno.

Xavfsizlik kamarini taqmaganlik holatida haydovchiga BHM yarim barobari miqdorida jarima (206 ming so‘m) qo‘llanadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid