11:16 / 26.12.2018
7362

Tibbiy xodimlarning fuqarolar sog‘lig‘iga zarar yetkazgani uchun kasbiy javobgarligi majburiy sug‘urtalanadi

Foto: Fotolia

O‘zbekistonda “Tibbiy faoliyat va tibbiyot xodimlarining kasbiy javobgarligini majburiy sug‘urtalash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Bu haqda 2019 yilda qonun loyihalarini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish dasturida aytilgan.

Qonun loyihasini ishlab chiqish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 dekabrdagi PF–5590-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2019–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari dasturining 6-bandida nazarda tutilgan.

Qonun loyihasida quyidagilar nazarda tutiladi:

tibbiy xodimlarning kasbiy faoliyatni amalga oshirishda javobgarligi va majburiyati, shuningdek ular tomonidan fuqarolarga xizmat ko‘rsatilganligi;

tibbiy xodimlarning fuqarolar sog‘lig‘iga zarar yetkazgani uchun kasbiy javobgarligini majburiy sug‘urta qilish hamda xizmat vazifalarini bajarish vaqtida ularning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplash.

Qonun loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha mas'ul ijrochilar - Sog‘liqni saqlash vazirligi, Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Loyiha boshqaruvi milliy agentligi.

Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish muddati - 2019 yil avgust, Qonunchilik palatasiga kiritishning taxminiy muddati - 2019 yil sentabr.

Top