Farg‘ona shahridagi 66-son davlat bog‘chasida 6 yoshli tarbiyalanuvchi yuqori kuchlanishli transformator punktiga yiqilib, tok urishi oqibatida tana a’zolari kuyib ketdi. Yangi qurilgan bog‘cha hududidagi TP yerto‘lada joylashgan bo‘lib, chuqurning usti tayinli yopilmagan, atrofi to‘siqlar bilan o‘ralmagan. Kun.uz muxbiri voqea tafsilotlarini o‘rgandi.
18 fevral kuni soat 10:00 lar atrofida Farg‘ona shahrida joylashgan 66-son davlat bog‘chasining 6 yoshli tarbiyalanuvchisi Abuzar Ravshanjonov bog‘cha hududida, yer ostiga o‘rnatilgan yuqori kuchlanishli tranformator punktiga tushib ketishi oqibatida jiddiy jarohat olib, tana a’zolari kuyib ketgan.

Taajjublanarli tomoni, bog‘cha qurib foydalanishga topshirilganiga 2 yil bo‘lishiga qaramay, inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan yerto‘la atrofi maxsus to‘siqlar bilan o‘ralmagan. Yerto‘la eshigi esa oddiy sellofan paket bilan yopib qo‘yilgan.

Abuzar o‘ynab borib ustiga sellofan tashlangan yerto‘la tuynugiga qadam qo‘yishi bilan, ichkariga tushib ketgan. Baxtsiz hodisadan keyingina xavfli hudud atrofi darhol maxsus panjaralar bilan to‘silgan.


Ayni paytda Abuzar shifoxonada qolmoqda.
“Nevaramning o‘sha kungi holatini umuman tasavvur ham qilolmaysiz. Qo‘llari kuyib ketgan, yelkalarini, orqalari kuygan, dumbalari, asosiy tana a’zolari ham kuygan. Qanday qilib mana shunday katta kuchlanish tokni oldida bolalarni bee’tibor qoldirishlari mumkin? Nevaram bog‘chaga qanday sog‘lom borgan bo‘lsa, qo‘limizga ana shunday sog‘lom holda qaytarib berishsin.

Boshlari ham yorilgan. Qo‘llari tinmay qaltirayapti, ko‘zi bir tomonga tortyapti. Qanday quvnoq bola edi-ya... Har bir inson o‘z farzandini o‘rniga qo‘yib ko‘rsin. Bola chidolmayapti, iloji yo‘q.











