21:08 / 23.09.2019
3
22245

Jahon tillari universiteti talabasi Janubiy Koreyadagi tanlovda g‘olib chiqib, 10 ming dollar sohibi bo‘ldi

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi Hamidaxon Qahramonova Seulda o‘tkazilgan «Quiz on Korea» tanlovida g‘olib chiqib, deyarli 10 ming dollar pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi va «KBS» telekanali tomonidan an'anaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan «Koreya bilimdoni» tanlovining 2019 yilgi final bosqichi 21 sentabr kuni Seulda bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz`ning Janubiy Koreyadagi muxbiri Eldor Vohidov bergan xabarga ko‘ra, tanlovda Germaniya, Angliya, Portugaliya, Rossiya va Turkiya kabi 20ta davlat vakillari g‘oliblik uchun kurashdi. Qatnashchilarning yosh chegarasi 30 yosh etib belgilangan bo‘lib, ular Koreya madaniyati va tarixi bo‘yicha savollar asosida sinovdan o‘tkazildi.

Tanlovning O‘zbekistondagi saralashida birinchi o‘rinni olib hal qiluvchi bosqichga chiqqan Hamidaxon Qahramonova Seuldagi finalda ham mutlaq g‘olib bo‘ldi.

Belgilanganidek, yuqori uchta o‘rin egalariga mos ravishda 10 mln von (deyarli 10 ming dollar), 4 mln va 1 mln von miqdorida pul mukofotlari topshirildi.

Ma'lumot uchun, 21 yoshli g‘olib bilimdon Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanida tug‘ilgan. U O‘zDJTUning Tarjima nazariyasi va amaliyoti fakultetida koreys tili yo‘nalishi bo‘yicha 3-kursda tahsil oladi.

Qahramonova, shuningdek, joriy yilda KOICA Xalqaro hamkorlik tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan Koreys madaniyati mutaxassislari dasturida ham birinchi o‘rinni olib, Janubiy Koreyaga 80 kunlik ta'lim grantini qo‘lga kiritgan.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top