Rossiyada toʻqqizinchi chaqiriq Davlat dumasiga oʻtkazilgan saylovlarda hukmron «Yedinaya Rossiya» partiyasi yetakchilik qilmoqda. Bu haqda 21-sentabrga oʻtar kechasi Rossiya Markaziy saylov komissiyasi maʼlum qildi.

Protokollarning 82,19 foizi qayta ishlanganidan keyin «Yedinaya Rossiya» 57,76 foiz ovoz olgan. Bu partiyaning avvalgi parlament saylovidagi natijasidan yuqori. 2021-yilda hukmron partiyani saylovchilarning 49,82 foizi qoʻllab-quvvatlagan edi.

Dastlabki natijalarga koʻra, Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasi 13,89 foiz ovoz bilan ikkinchi oʻrinda bormoqda. Rossiya Liberal-demokratik partiyasi 8,77 foiz bilan uchinchi, «Novyye lyudi» partiyasi esa 7,97 foiz bilan toʻrtinchi oʻrinni egallamoqda.

«Spravedlivaya Rossiya» partiyasi 4,99 foiz ovoz toʻplagan. Agar yakuniy natija sezilarli oʻzgarmasa, partiya Davlat dumasiga partiya roʻyxati boʻyicha kirish uchun belgilangan besh foizlik toʻsiqdan oʻta olmasligi mumkin.

«Yedinaya Rossiya» nomzodlari bir mandatli 225 ta saylov okrugining 208 tasida ham yetakchilik qilmoqda. Partiyaviy roʻyxat va bir mandatli okruglar natijalari birgalikda hisoblansa, hukmron partiya Davlat dumasida 301 dan ortiq oʻringa ega boʻlishi kutilmoqda.

Bu «Yedinaya Rossiya»ga konstitutsiyaviy koʻpchilikni saqlab qolish imkonini beradi. Konstitutsiyaviy koʻpchilik partiyaning boshqa siyosiy kuchlar koʻmagisiz Konstitutsiyaga oʻzgartish kiritish bilan bogʻliq qarorlarni maʼqullash imkoniyatini anglatadi.

Rossiya parlamentiga saylovlar bu safar uch kun davomida oʻtkazildi. Ovoz berish Rossiya nazoratidagi va xalqaro hamjamiyat tomonidan Ukraina hududi deb eʼtirof etiladigan okkupatsiya qilingan hududlarda ham tashkil etildi. Ukraina va Gʻarb davlatlari mazkur hududlardagi ovoz berish jarayonini qonuniy deb tan olmasligini bildirgan.

Saylov kampaniyasi muxolifat faoliyati jiddiy cheklangan sharoitda oʻtdi. Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga ochiqdan ochiq qarshi chiqqan yirik siyosiy kuchlardan biri - «Yabloko» partiyasi saylovda ishtirok etishdan chetlatildi.

Partiya saylovda qatnashish uchun taqdim etgan hujjatlarida qoidabuzarliklar aniqlangani rasmiy sabab sifatida koʻrsatildi. «Yabloko» va uning tarafdorlari esa bu qarorni siyosiy bosim deb baholadi.