«U yerda hammasi yer bilan bitta bo‘lgan. Shuning uchun biznikilar oldindan tayyorlab qo‘yilgan nisbatan mustahkam pozitsiyaga o‘tishdi», degan Gayday.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 8 may kuni e’lon qilingan videomurojaatida Popasnayani Chexiyada natsistlar tomonidan vayron qilingan Liditse qishlog‘i bilan taqqoslagan va shaharning «kuli ko‘kka sovurilgani»ni aytgan.
Bir necha kun oldinroq internetda rossiyaliklar harbiy droni tomonidan olingan tasvirlar paydo bo‘lgandi. Bu videoda birorta butun qolgan bino ko‘rinmaydi.
Popasnaya uchun janglar

Popasnaya - Luhansk oblasti g‘arbidagi kichikkina shahar bo‘lib, urushdan oldin bu yerda 20 ming atrofida odam yashagan. 2014 yili Donbassdagi qurolli nizo chog‘ida shahar qo‘ldan qo‘lga o‘tgan, ammo yakunda Kiyev nazoratida qolgan.
Minsk kelishuvi imzolangach, Popasnaya front chizig‘iga tushib qolgan, vaqti-vaqti bilan shahar o‘qqa tutib turilgan. Ukraina kuchlari Popasnaya va uning atrofida kuchli istehkom tashkil etishgandi.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, Popasnaya uchun shiddatli janglar boshlandi. Shaharga mart oyi boshida hujum qilindi va faqat aprel oyi o‘rtalariga kelib rus qo‘shini uning markaziga yetib keldi. Ammo janglar to‘xtamadi.
Amerikadagi Rand markazi tadqiqotlarida aytilishicha, Rossiya armiyasi Popasnayadan Izyumgacha va undan shimoldagi hududgacha bo‘lgan aylana yoyida katta kuchlarini jamlagan. Ayrim tahlilchilar hisoblashicha, Rossiya bu hududda 50 ta batalon taktik guruhlariga ega - ularning har birida mingtadan askar bor.
«Rossiya armiyasining bu yirik amaliyotidagi asosiy harakat, katta ehtimol bilan teng yoki ko‘p sonli artilleriya birliklari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan mobil bo‘linmalardir. Ular juda ko‘p kassetali o‘q-dorilar va artilleriya minalari qo‘llashadi», deyiladi RAND obzorida.
Bir necha haftadan buyon davom etayotgan artilleriya va raketa zarbalariga qaramay rossiyalik harbiylar Donbassda ukrainlar mudofaasini yorib o‘ta olmadi. Amerikalik tahlilchilar qayd etishicha, Ukraina harbiylari himoya qiladigan narsaning o‘zi qolmaganidan keyin qurshovga tushib qolmaslik uchun taktik chekinish qilmoqda.
Aprel oyida Kreminna shahrida ham xuddi shunday bo‘lgandi.











