Jamiyat | 09:30 / 14.05.2020
27976
11 daqiqa o‘qiladi

«Yillab tayyorlangan edik…» – 600dan ortiq fuqaro shartnomasi bo‘lsa-da, ishlash uchun Koreyaga keta olmayapti

Ular Janubiy Koreyaga qonuniy ishlash uchun borish maqsadida bir necha yil tayyorgarlik ko‘rishgan - koreys tilini o‘rganib, bir nechta imtihonlardan o‘tishgan; yakuniy bosqichga yetib kelib, viza ham olishgan va hatto Koreyadagi ish beruvchilar bilan shartnoma ham tuzib qo‘yishgan.

Tahririyatimizga bir necha yildan beri Koreya Respublikasiga shartnoma asosida ishga ketmoqchi bo‘lib yurgan vatandoshlarimizdan murojaat kelib tushdi.

Murojaatchilarning ma'lum qilishicha, Koreya tomoni ishlash uchun ariza berganlar orasidan O‘zbekistondan taxminan 650 kishini tanlab olgan. Tanlanganlarning barchasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida 7 kunlik o‘qishni tamomlab, barcha tibbiy ko‘riklardan o‘tishgan.

Shundan so‘ng ular mart oyida Koreyaga uchib ketishi kerak bo‘lgan, lekin karantin sabab reys qoldirilgan.

Ayni vaqtda muammo shundan iboratki, Koreya tomonidan yuborilgan ishchi shartnomasi muddati tugab boryapti, ayrim fuqarolarimiz Koreyaga vaqtida bormagani sabab shartnomasi bekor bo‘lyapti.

Vaziyat yuzasidan batafsil ma'lumot olish uchun murojaatchilar va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan bog‘landik.

Isroilov Dilmurod (Namangan viloyati Chust shahridan):

– Biz uch yildan besh yilgacha o‘qib, uchta imtihonlardan ijobiy o‘tib, shu bosqichgacha yetib kelganmiz. O‘zbekistonga kirib keladigan pulni hisoblasak, 1 oyda 500 kishi oylik olganda 1-2 million dollar mamlakatga foyda bo‘lyapti.

Karantin sababli chiqib keta olmayapmiz. Hukumatimizdan iltimos qilamiz, charter reys qilib, Koreya davlatiga borib shartnoma asosida ish olib borishimizni so‘rab qolardik. Vizalarimiz pasportimizga urib bo‘lingan.

500 kishi fevralda shartnoma oldik, 200 kishining shartnomasi vaqtida yetib borolmagani sababli Koreyadagi korxona rahbarlari tomonidan bekor qilindi.

Migratsiya agentligi bilan bog‘langanimizda faqat kutishimizni aytishdi. Tashqi ishlar vazirligi va prezident virtual qabulxonasiga ham yozdim. Bizga charter reys ham, maxsus reys ham qilinmadi.

Men vaqtida yetib bora olmaganim sababli rad javobini olganman. Rad javobini olganlarni, hozircha, kutishdan boshqa iloji yo‘qligini aytishdi.

Boboxonov Anvarxon (Namangan viloyati Kosonsoy tumani):

– 9 yildan beri Koreyaga ishga borish uchun tayyorgarlik ko‘raman, o‘quv kurslarida o‘qiyman. Koreys tilini mukammal darajada o‘rgandim, desam ham bo‘ladi. 2019 yili omadim kelib 3 bosqichli imtihondan muvaffaqiyatli o‘tdim va 2020 yil 4 fevral oyida Koreya tomonidan ishchilar tanlash tanlovida tanlandim.

Mart oyida ketishimiz kerak edi. Bizga ish bergan odam bizni Koreyada kutib o‘tirgan, karantin sababli biz keta olmayapmiz. Kecha korxona rahbari bilan bog‘lanib gaplashganimizda, 3 oy muddat ichida kelishimizni aytdi, agar kela olmasak, boshqa davlatdan odam olishini aytdi.

Maqsadimiz – ketib oilaviy sharoitimizni yaxshilash. Muddatimiz juda oz qolgani sababli iltimos qilib so‘rab qolamiz, iloji boricha maxsus reys tashkil qilib, jo‘natib yuborishsa yaxshi bo‘lar edi.

Mening vizam 9 mart kuni chiqqan va muddati 9 iyun kuni tugaydi. Shu vaqtgacha Koreyaga ketishim kerak.

80 foiz vatandoshlarimizning viza muddati may oyining oxirigacha tugaydi. Shuncha yillik mehnatlar, xarajat, harakat, uzoq masofaga borib, ishdan qolib o‘quv kurslariga qatnaganlarimiz, shuncha mehnat 9 yildan keyin natija bergan paytda butun dunyo karantinda bo‘lib qoldi.

Karantin qoidalari bilan tanishdik. Tanlangan ishxonani karantinda saqlash uchun sharoiti bo‘lsa, bizni 14 kun karantinda saqlaydi. Agar karantinda saqlashga sharoiti bo‘lmasa, davlat tomonidan pullik, 14 kunlik karantinda saqlash sharti bor.

Koreyada 40 yoshgacha ishchi olishadi. Hozir ketgan xarajatlar emas, vaqt ko‘zga ko‘rinyapti. Taxminiy hisoblasam, 30 milliondan ko‘p pul ketgan.

Agar shartnomamiz bekor qilinsa, qaytib tanlovga qo‘yiladi va boshqa ishchi kerak korxonalar tanlashi mumkin. Lekin arizamizga dog‘ tushar ekan. Vaqtida yetib bormaganimiz sababli aybdor sanalar ekanmiz va bizni boshqa kompaniya tanlash ehtimoli past ekan.

Ibroxim Valijonov (Namangan viloyati Chust shahridan):

– Men Namangan viloyati Chust tumanidanman. 2017 yil oktyabr oyidan kontrakt bo‘yicha Koreyada ishlayman. 24 yanvar kuni O‘zbekistonga keldim. Koronavirus tufayli, hamma reyslar to‘xtatildi. May oyida reyslar bor edi va 6 mayga biletlarni o‘zgartirgan edik. Lekin reyslar yana bo‘lmadi. «Biletlar iyun oyiga bor, lekin sotilmayapti, agar reyslar bo‘lib qolsa, uchib ketasizlar», deb aytishdi.

Hozir ish-joyi aniq fuqarolarni bitta reys qilib jo‘natib yuborsa yaxshi bo‘lar edi. Bizning Koreyada ish joyimiz bor. Va hozircha rad javobi berilmagan. Agar iloji bo‘lsa, Koreya bilan kelishgan holda, reys qilib berishlarini so‘rab qolardik.

Koreyadan ta'tilga kelganlarni vaqti 3 oydan o‘tib ketgan. Lekin ular pandemiya hisobiga 5 oy qilib qo‘yishdi. Agar biz ham vaqtida bormasak, kutmasdan boshqa ishchilar olishi mumkin.

Migratsiya agentligidan so‘rasak, 418 kishi Koreyaga yetib borgani va ishlarini boshlashganini aytishdi. Agar hisoblasak, ishi bor, ta'tilga kelib qolib ketganlar 400 nafar va shartnoma asosida ishga endi ketmoqchi bo‘lganlar 600 nafar – jami 1000 kishidan iborat.

Hammani birdan bo‘lmasa ham, haftada bir martadan bir nechta reys tashkil qilib bersa, hamma ish joyiga yetib olsa, yaxshi bo‘lar edi.

Kelib ketolmayotganlarning ba'zilariga ishxonalari otkaz berishyapti, kimlarningdur ishxonasi esa kutyapti. Agar Koreyada bizning o‘rnimizga ishchi chiqib qolsa, olishlari ham mumkin. Biz ishga kirgan Koreyadagi korxonalar rahbarlari bizdan qachon kelishimizni, aniq vaqtini aytishimizni talab qilishyapti. Bizda esa aniq ma'lumot yo‘q.

Agentlik izohi

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi masala yuzasidan Kun.uz`ga o‘z munosabatini bildirdi.

Unda aytilishicha, Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan fuqarolarning har qanday transportda O‘zbekiston Respublikasiga kirish va chiqishi 16 martdan boshlab qat'iy vaqtinchalik to‘xtatilgani sababli shartnoma loyihalari kelgan fuqarolarni mart-aprel oylarida Koreyaga tashkiliy jo‘natishning imkoni bo‘lmagan.

«Shu bilan birga, Koreya tomonidan ham pandemiya sababli mahalliy aholi, ayniqsa, chet eldan kirib keluvchi fuqarolar uchun ham qator cheklovlar joriy etilgan.

Birinchidan, Koreya Respublikasi hukumatining qarori bilan mamlakatga kirib borgan barcha fuqarolarning 14 kunlik majburiy karantinda o‘zini o‘zi yakkalashi belgilangan. Agar fuqaro yashash joyiga ega bo‘lmasa, kuniga 100 ming von (81 AQSh dollari) evaziga davlat belgilab bergan joyda karantinga olinadi.

Ma'lumot o‘rnida ta'kidlash joizki, aprel oyida Indoneziyadan Koreyaga ishlash uchun kelgan fuqarolar belgilangan karantin cheklovlariga ish beruvchi tomonidan to‘liq rioya qilinmagani, ya'ni o‘zini yakkalash manzili talablariga to‘liq mos emasligi sababli mamlakatdan deport qilingan. Bu kabi holatlar mehnat shartnomalarining bekor bo‘lishiga, karantin qoidalarini buzganlik uchun katta miqdordagi jarima, hatto qamoq jazosi qo‘llanishiga olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari, Koreyada pandemiya butunlay bartaraf etilmagan va oxirgi kunlarda koronavirusga chalingan bemorlar sonida o‘sish ham kuzatilmoqda. Bu Koreyaga borishni rejalashtirayotgan fuqarolar sog‘lig‘ini to‘liq kafolatlamaydi.

Ikkinchidan, Koreyada 1 apreldan boshlab joriy etilgan karantin choralari yetarlicha samara bermagani sababli 6 maydan karantin choralari yanada kuchaytirildi. Xususan, EPS toifasidagi, ya'ni ishlash ruxsatiga ega fuqarolar oldindan karantinga rozilik bitimini rasmiylashtirishi, Toshkent shahridagi yagona markazda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi (30 dollar), shuningdek, koronavirus tekshiruvidan o‘tishi, ish beruvchidan esa ishchilar Koreyaga kelishidan avval karantin uchun joy tashkillashtirish talab etilmoqda.

Karantinga rozilik bitimi EPS markaziga, undan HRD markaziga, ro‘yxatdan o‘tgan manzillar tekshirilgach, yana EPS markazga qaytib, shundan so‘ng aviachipta xarid qilishga ruxsat beriladi. Koreyaga kirib borgandan so‘ng karantin bitimining nusxasi talab etiladi.

Fuqaro tibbiy tekshiruvdan o‘tgan kundan keyin ikki kun davomida hujjatlarni elchixonaga topshirishi zarur.

Uchinchidan, karantin choralari kuchaytirilgani sababli Koreya Respublikasining Toshkentdagi elchixonasida ham 11 maydan boshlab barcha viza turlari, shu jumladan Ye-9 vizasini rasmiylashtirish jarayoni murakkablashtirilgan», – deyiladi agentlik axborotida.

Qayd etilishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Koreya ish beruvchilari tomonidan birinchi marotaba tanlangan va mehnat shartnomalari yuborilgan hamda Koreyada bir korxonada 4 yil-u 10 oy ishlab, qayta mehnat shartnomasi bilan vatanga kelgan fuqarolardan 321 nafarini ko‘niktirish va moslashtirish bo‘yicha karantin talablariga ko‘ra onlayn o‘quv kurslaridan o‘tkazgan.

Bundan tashqari, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Koreya inson resurslarini rivojlantirish xizmati o‘rtasida muzokaralar olib borilib, viza muddati o‘tgan yoki ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasi bekor qilingan (avval Koreya Respublikasida migratsiya qonunlarini buzmagan) fuqarolar uchun qayta tanlovlar bazasida ishtirok etish imkoniyati yaratildi.

«Vizasining amal qilish muddatlari o‘tgan fuqarolar masalasini ijobiy hal qilish yuzasidan Koreya inson resurslarini rivojlantirish xizmati bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Koreya Respublikasida ishlash davomida mehnat ta'tili yoki ish joyini o‘zgartirish ta'tili davrida O‘zbekistonga qaytgan va hozirgi kunda karantin sababli Koreyaga qaytib bora olmayotgan fuqarolarning ro‘yxati shaklantirilib, ularning viza muddatlarini 50 kun muddatga cho‘zishga erishildi», – deyiladi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Kun.uz`ga taqdim etgan xabarnomada.

Rahmatillo Isroilov tayyorladi.

Mavzuga oid