Toshkent shahri Shahrisabz koʻchasidagi BRT (bus rapid transit) yoʻlagining birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Yoʻl harakatini tashkil etish markazi xabar bermoqda.
Loyihaning mazkur bosqichi Shahrisabz, Mirobod va Shota Rustaveli koʻchalari tutashgan aylanma chorrahadan Amir Temur shoh koʻchasi bilan kesishmagacha boʻlgan 1,2 kilometrlik uchastkani qamrab oldi.
Qurilish jarayonida mavjud asfalt qoplamasini yangilash bilan cheklanilmadi: BRT yoʻlagida katta sigʻimli avtobuslarning muntazam harakati va doimiy yuklamasi hisobga olinib, yoʻlning ostki konstruksiyasi toʻliq qayta qurildi. Buning uchun ayrim qismlarda 2 metrdan ortiq chuqurlikkacha qazilib, mavjud asos olib tashlandi va yoʻl poydevori qayta shakllantirildi. Grunt namligi, tuproqning siljishi va keyinchalik choʻkish xavfini kamaytirish maqsadida geotekstil qoplamasi yotqizildi.
Shundan soʻng yoʻl asosi bosqichma-bosqich mustahkamlanib:
- 35 santimetr qalinlikdagi qum-shagʻal aralashmasi yotqizildi;
- M-75 markali mustahkamlovchi qatlam tashkil etildi;
- 9 santimetr qalinlikdagi yirik donali asfalt-beton qatlami yotqizildi;
- yakuniy qoplama sifatida 5 santimetr qalinlikdagi PSHMA-20 qoʻllanildi.

BRT infratuzilmasi doirasida 6 ta yangi avtobus bekati tashkil etilib, jamoat transporti uchun alohida harakat yoʻlagi shakllantirildi. BRT yoʻlagi umumiy transport oqimidan bordyurlar orqali jismonan ajratildi.
Bu yechim avtobuslarning tirbandlikka kamroq bogʻliq holda harakatlanishi, qatnov oraligʻining barqarorligini taʼminlash hamda bekatlarga xavfsiz kirib-chiqish imkoniyatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Qurilish davomida yoʻl harakati toʻliq toʻxtatilmadi. Ishlar markaziy qismdagi tasmalarda bosqichma-bosqich olib borilib, transport vositalari harakati koʻchaning ikki yoʻnalishidagi chekka oʻng tasmalarda saqlab qolindi.

1,2 kilometrlik ushbu uchastka Shahrisabz koʻchasida BRT infratuzilmasini shakllantirishning birinchi bosqichi hisoblanadi. Umumiy loyiha doirasida Shahrisabz koʻchasining qariyb 3 kilometrlik qismida BRT yoʻlagini tashkil etish koʻzda tutilgan.







