Qashqadaryoda ommaviy zaharlanishda 74 kishi jabrlangan. Rasmiy ma'lumotlar berildi
Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida joylashgan “Shirin niyat baraka” MChJga qarashli “Baxtli oila” to‘yxonasida bo‘lib o‘tgan to‘yda ishtirok etganlar orasida qayd etilgan “ovqatdan zaharlanishga gumon” holati yuzasidan yangi ma'lumotlar taqdim etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatining KUN.UZ’ga xabar berishicha, viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasida maxsus shtab tashkil etildi, ayni paytda Respublika sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining malakali mutaxassislari ushbu shtabga jalb etilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlar belgilab olindi, bemorlarga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida barcha zarur dori-darmonlar zaxirasi yaratilgan.
27 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan to‘yda ishtirok etganlar ro‘yxati shakllantirilmoqda, patronaj hamshiralari yordamida uyma-uy ko‘rik o‘tkazish tashkil etildi.
Yuqoridagi tashxis bilan yotqizilgan bemorlar jami soni 74 nafar (shundan 4 nafari 18 yoshgacha bo‘lganlar, 10 nafar erkak va 60 nafar xotin-qizlar), shifoxonaga yotqizilganlar soni 72 nafar, uyiga javob berilganlar 2 nafarni tashkil etadi.
Yotqizilgan 72 nafar bemorning ahvoli o‘rtacha yengil holatda.
Shifokor va patronaj hamshiralar tomonidan Qarshi shahridan 180 nafar to‘yda ishtirok etganlarning ahvoli o‘rganildi, 12 nafar kishining holati faol aniqlanib, kuzatuv uchun shifoxonaga olib kelindi. Tuman Tibbiyot birlashmalari yuqumli kasalliklar bo‘limlariga to‘yga aloqador holatida bemorlar murojaat etishmagan.
Tadbir bo‘lib o‘tgan “Shirin niyat baraka” MChJga qarashli “Baxtli oila” to‘yxonasida 30 sentabr kuni o‘tkazilgan o‘rganishlarda quyidagilar aniqlandi:
To‘yxona oshxonasida mahsulotlarga ishlov berish sexlari (xonalari) tashkil etilmagan. Oziq-ovqat mahsulotlarini, shu jumladan, tez buziladigan go‘sht va go‘sht mahsulotlarini, sut va sut mahsulotlarini, qandolat mahsulotlarini saqlash uchun sovitgichlar yetarli emas. Mavjud 1 ta sovitgich kamerada xom va tayyor mahsulotlar ularni saqlash qoidalariga rioya qilinmagan holda saqlanmoqda. Oshxona asbob-uskunalari (stollar, taxtakachlar, pichoqlar, chelaklar, kastryulkalar va boshqalar) markirovka qilinmagan. Idish-tovoqlarni yuvish uchun sharoit yaratilmagan, ketma-ketlik qoidasiga rioya qilinmagan. To‘yxona xodimlari tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan, sanitariya minimum o‘quv kurslarida o‘qimagan. Tekshirish vaqtida 21 nafar oshxona ishchi-xodimidan biologik namunalar hamda tashqi muhit obektlaridan 158 ta namuna olinib, laboratoriyaga topshirildi.
To‘y marosimiga 3 xil salat tayyorlagan Qarshi shahar, Bog‘obod mavzesi, 1/26 kottejda yashovchi fuqaro M.X.Shukurov xonadonida sanitariya nazorati o‘tkazilganda, salat tayyorlash uchun umuman sharoit yaratilmaganligi aniqlandi. Jumladan, salat tayyorlash 1 ta xonada amalga oshirilgan, xom mahsulotlarni yuvish uchun 1 ta vannadan foydalanilgan, fuqaro M.X.Shukurov tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan va ushbu faoliyat uchun tegishli ruxsatnoma olmagan. Sanitariya-epidemiyaga qarshi talablarni buzganligi uchun fuqaro M.X.Shukurovga nisbatan ma'muriy ish qo‘zg‘atilib, eng kam ish xaqining 5 barobari miqdorida jarima solindi.
To‘yda qatnashgan fuqarolarning uylariga borib, patronaj o‘tkazish uchun oilaviy poliklinikalardan 108 nafar va shahar DSENMdan 40 nafar mutaxassis jalb etildi. Natijada, to‘yda qatnashganlar orasida kasallik belgilari bo‘lgan fuqarolardan 42 nafari faol aniqlanib, shifoxonaga yotqizildi. Uyma-uy yurib, kasallarni faol aniqlash, bemorlarni davolash va ovqatdan zaharlanish xolatlari profilaktikasi yuzasidan tadbirlar davom etmoqda.
Mavzuga oid
17:21 / 07.11.2024
Farg‘onada to‘rt kishi ovqatdan zaharlandi
18:04 / 06.11.2024
Taxtiqoracha dovonida Cobalt’ni tosh bosib qoldi. Qurbonlar bor
19:32 / 23.10.2024
AQShda McDonaldʼs chizburgerlaridan o‘nlab insonlar zaharlandi. Bir kishi vafot etdi
18:06 / 17.10.2024