Messining Neymar bilan “PSJ”da, Ronalduni yana “MYu”da tasavvur qilish ularni o‘sha holatda tomosha qilishdan ham qiziqroq, to‘g‘rimi? Shu e'tibor bilan o‘tayotgan transfer oynasi bizga futbol o‘yinlaridan ham qiziqroq emotsiyalar bera olyapti.

12 yil o‘tib Krishtianu Ronaldu yana Manchesterda. Uning “Old Trafford”da qizil libosda chiqib kelishini yozib ta'riflab bo‘lmaydi, buni ko‘rish kerak. Quyida ushbu transferning qog‘ozdagi ko‘rinishini havola qilamiz va paydo bo‘layotgan bir qator savollarga javob izlaymiz.

Krishtianu Ronaldu transferi – ajoyib marketing yurishi

Ronaldu o‘zi borgan har qanday klubga katta pul olib kelmasligi mumkin, lekin gap “Manchester Yunayted” haqida ketganida, marketing bo‘yicha uzukka ko‘z qo‘ygandek transfer deb bemalol aytish mumkin. Yaqinda Yurgen Klopp pandemiya davrida “Chelsi”, “Siti” va “Yunayted” kabi klublarning katta transferlar amalga oshirishi o‘zi uchun jumboq ekanini aytgandi. Bu ro‘yxatda hech qanday tashqi neft va gaz kanali bo‘lmay turib, aynan shunday klublar bilan bir qatorda turgani, so‘nggi o‘n yilda biror arzirli sovrin yutmagan “Yunayted”ning ajoyib moliyaviy va marketing siyosati natijasi ekani sir emas. Bunday transferlardan paydo bo‘ladigan e'tiborni pulga aylantirishni klub juda yaxshi biladi. Ma'lum bo‘lishicha, Ronalduning transferi e'lon qilingach, o‘tgan bir kun mobaynida klub aksiyalari 8 foizga oshgan – bu qariyb 250 million funt degani.

Krishtianuni ham bir marketing obekti sifatida qarasak, uzoq yillik muvaffaqiyatli mavsumlardan so‘ng, yana o‘z uyiga qaytishi har tomonlama chiroyli, jozibador hikoya bo‘ldi. Aslida sovrin yutish, bosimning kamligi Pep bilan ishlash imkoniyati kabi ustunliklar turib ham, Ronaldu “Yunayted”ga qaytishni afzal bilgani qaysidir ma'noda ijobiy imijni saqlab qolish hamdir.

Ronaldu transferi Sulsher va “Yunayted” strategiyasidagi og‘ishmi?

Ma'lumki, uch yildan beri “Old Trafford”da uzoq muddatli loyiha qurilayotgani aytib kelinmoqda. Nisbatan yosh futbolchilarga ko‘proq e'tibor berilishi, transferlarning imkon qadar kerakli pozitsiyalarga va uzoq muddatli amalga oshirilishi, murabbiyga ko‘proq vaqt taqdim etilayotgani ham shu sababdan. Go‘yoki, Varan va Sanchoning transferidan so‘ng kerakli kartina mukammal holatga kelayotgan va bir qator tuzatishlar bilan biz bu yili Sulsherning tayyor loyihasini ko‘rishimiz, jamoa barcha frontlarda sovrin uchun kurashishi kerak edi.

Buning poydevori uchun yetarlicha ish qilindi: mobil hujumchilar va Grinvudning rivoji uchun Lukakudan voz kechildi, Pogba va Brununing bir paytda samarali o‘ynay olishi uchun sxemalar o‘ylab topildi va hokazo. Endi birgina transfer hammasini chippakka chiqarib, hammasini yangidan boshlash ehtiyojini yaratadimi?