Futbol bo‘yicha BAA milliy jamoasining to‘rt nafar futbolchisi 15 oktyabr kuni Toshkent shahridagi «Bunyodkor» stadionida O‘zbekiston milliy jamoasiga qarshi kechadigan o‘yinda ishtirok eta olmaydi.
BAA futbol federatsiyasi sayti xabarida himoyachi Kuame Kuadioning sariq kartochkalari to‘planib qolgani, uning ampluadoshi Abdulrahmonda jarohat borligi, yarimhimoyachi Yahyo Nodirning sport formasi joyida emasligi aytilgan, tajribali hujumchi, jamoa to‘purarlaridan biri (30 o‘yinda 12 gol) Fabio de Lima esa shaxsiy sabablarga ko‘ra Toshkentga ucha olmagani ko‘rsatilgan.
JCh-2026 saralashi guruh bosqichining 4-turi doirasida kechadigan muhim o‘yin oldidan mazkur ro‘yxatdagi aynan to‘rtinchi futbolchi bilan bog‘liq holat muhokamalar markaziga chiqdi. Bu u o‘tmishda O‘zbekiston «fuqaroligi»ni olgani bilan bog‘liq.
Asli braziliyalik bo‘lgan Fabio Virjinio de Lima ayni vaqtda 31 yoshda. U 11 yil muqaddam, 2013 yilda O‘zbekiston «fuqarosi»ga aylanib qolgan va BAA chempionatida osiyolik legioner sifatida ro‘yxatdan o‘tgandi. Lekin uning pasporti soxta bo‘lgan va bunday raqamli pasport aslida boshqa odamga tegishli edi.
O‘zbekistonlik futbol mutaxassisi, FIFA tashkiliy qo‘mitasi a’zosi Alisher Nikimbayev ushbu futbolchi bilan bog‘liq tarixni hikoya qilgan. U 2023 yil fevralida o‘zining «Futbolium» telegram-kanalida BAA milliy jamoasida muammosiz to‘p surib kelgan «O‘zbekiston fuqarosi»ning pasporti muddati tugagani haqida xabar qoldirgandi:
«Oddiy tarix. 2010-yillarda BAA klublarida legionerlar limitida osiyolik futbolchiga ajratilgan o‘rin Osiyo mamlakatlari fuqaroligini qabul qilgan boshqa yurt vakillari bilan to‘ldirish harakati boshlangandi. Shu tariqa, Jusiley («Anji»da braziliyalik edi) kabi «falastinlik»lar ko‘payishdi. Falastin pasporti 25 ming dollarga tushishi haqida ham gap-so‘zlar tarqalgandi. Xullas, 2014/2015 yillar mavsumi boshlanishi arafasida, ajoyib kunlardan birida «Al-Vasl» klubi o‘zbekistonlik futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazdi - Fabio de Lima.
Avvaliga hammasi mavhum ko‘rindi. Soliq qo‘mitasi saytida pasport raqamini tekshirish shuni ko‘rsatdiki, bu raqamli hujjat ruscha ism-familiyali ayol yoki erkakka berilgan. Liga klublaridan biri e’tiroz bildirdi, ammo haqiqatni bilishi yoki tagiga yetishi mumkin bo‘lganlarni jazolash asnosida ishni silliq yopishdi. Fabio esa navbatdagi mavsum braziliyalikka aylandi, keyin BAA fuqaroligini oldi va haligacha O‘zbekistonga borishdan qochadi...»














