AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff 21-oktabr kuni Sankt-Peterburgga keldi va RF prezidenti Vladimir Putin bilan urushni yakunlash boʻyicha muzokara oʻtkazdi. Uchrashuv avvalida Putin AQSH fuqarosi, Ukraina qurolli kuchlari safida jang qilgani uchun Rossiyada jazo muddatini oʻtayotgan Stiven Habbardni ozod qilganini bildirdi. Uitkoff bunga javoban Putinni «gumanist» deb atadi – bu esa Qoʻshma Shtatlardagi koʻplab yuqori martabali siyosatchilarga (jumladan, Donald Trampning partiyadoshlariga ham) umuman yoqmadi. Tramp va uning vitse-prezidenti Vens Uitkoffni himoya qilib chiqishdi. Quyida voqealar zanjiri iqtiboslar orqali keltiriladi.
Stiven Uitkoff, AQSH prezidenti maxsus vakili
(Putinga) Siz prezident Trampning insonparvarligi haqida juda koʻp gapirasiz. Oʻzingiz ham gumanistsiz, ser, buning uchun sizga tan beraman.
Joni Ernst, senator, Respublikachilar partiyasi
Vladimir Putin – bizning doʻstimiz emas, gumanist emasligi ham aniq. Uning Ukrainadagi begunoh tinch aholiga qilayotgan toʻxtovsiz hujumlari uning inson hayotiga butkul befarq ekanini koʻrsatadi. Xushomad qilish bu urushga chek qoʻya olmaydi. Faqat bosim qilish bilan bunga erishish mumkin.
Don Bekon, Vakillar palatasi aʼzosi, Respublikachilar partiyasi
[Uitkoff]dan yana bir sharmandalik.
Tom Uillis, senator, Respublikachilar partiyasi
Bu nimasi, Stiv? «Gumanist» soʻzining maʼnosini tushunib ol. Qanchalar sharmandali va jirkanch bayonot. Sen Ukrainaga qaytib, Putin oʻgʻirlab ketgan va oʻldirib yuborgan bolalar oilalaridan doʻsting Putin – «gumanist» ekani haqidagi fikrga qanchalik qoʻshilishini soʻrashing kerak.
Jon Kornin, senator, Respublikachilar partiyasi
Yoʻq, Putin gumanist emas, balki sovuqqon qotildir.
Jin Sheyxin, senator, Demokratik partiya
Vladimir Putin – harbiy jinoyatchi. U – minglab ukrainlarni soʻz bilan taʼriflab boʻlmaydigan shafqatsizlik bilan oʻldirgan diktator. Uitkoffning bu soʻzlari jirkanch va sharmanali.


















