Qashqadaryoda Yangi Qarshi shahri quriladi
Qashqadaryo viloyatida 500 ming aholiga moʻljallangan Yangi Qarshi shahri barpo etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifi davomidagi yigʻilishda maʼlum qildi.
Davlat rahbariga koʻra, Yangi Qarshi shahri – Qarshi shahri, Koʻkdala va Qarshi tumani chegarasida, 5 ming gektar maydonda, 500 ming aholiga moʻljallab quriladi. Qarshi tumanidagi kanal boʻyida esa 235 gektarlik «Yangi Nasaf» ekomajmuasining qurilishi boshlanadi.
Nufuzli arxitektura kompaniyalari jalb etilib, ikki oyda ilgʻor shaharsozlik yechimlarini qamrab olgan bosh reja ishlab chiqiladi. Uni tayyorlash uchun dastlab 20 milliard soʻm ajratiladi. Yangi hududlarda koʻp qavatli binolar, savdo va biznes markazlari, uy-joylar «yashil» va «aqlli» shahar tamoyillari asosida quriladi.
Nikohlar soni toʻrt yildan beri kamaymoqda
Oʻzbekistonda qayd etilgan nikohlar soni 2021-yildagi 305,2 mingtadan 2025-yilda 267,1 mingtaga tushgan. Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, koʻrsatkich shu davrda har yili pasayib, jami 38,1 mingtaga yoki qariyb 12,5 foizga kamaygan.
1991–2025-yillardagi eng yuqori koʻrsatkich 2018-yilda kuzatilgan - 311,4 mingta nikoh. 2025-yilgi natija ushbu rekorddan 44,3 mingtaga yoki qariyb 14,2 foizga kam.
1991-yilda esa mamlakatda 270,3 mingta nikoh rasmiylashtirilgan. Demak, 2025-yildagi mutlaq koʻrsatkich 1991-yildagidan ham 3,2 mingtaga past boʻlgan. Biroq bu raqamlar aholi soniga nisbatan nikohlanish darajasini emas, qayd etilgan nikohlarning umumiy sonini ifodalaydi.
Soʻnggi yillik oʻzgarishga qaralsa, 2025-yilda nikohlar soni 2024-yilga nisbatan 4,7 mingtaga yoki qariyb 1,7 foizga kamaygan. Taqdim etilgan maʼlumotlarda pasayish sabablari keltirilmagan.
Qashqadaryo yil oxirigacha kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga tashrifida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha
















