O‘zbekiston | 20:34 / 14.07.2020
43491
2 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchilarga o‘quvchilarning oliy ta'limga kirishi va kasb egallashiga qarab ish haqi to‘lanadi

Bugun prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar va xotin-qizlarning bandligi va daromad manbai bilan ta'minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda davlat rahbari tomonidan umumta'lim maktablarida kasbga o‘qitishning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

«Avvalo, maktab bitiruvchilarini o‘qish va ishga jalb etish masalalari muhokama qilindi. Joriy yilda umumta'lim maktablarini 452 ming o‘g‘il-qiz tamomladi. Ularning 70 mingi oliy ta'lim, 85 mingi professional ta'limga kiradi. 95 mingdan ziyodi ishga joylashgan taqdirda ham, yana 200 mingga yaqin yoshlarning bandligini ta'minlash zarurligi ta'kidlandi.

Maktabdanoq kasbga o‘qitish tizimi joriy etilishi belgilandi. Navbatdagi o‘quv yilidan boshlab maktab direktori va o‘qituvchilarga o‘quvchilarning oliy ta'limga kirishi, kasb egallab, o‘z ishini topishi darajasiga qarab oshirilgan ish haqi to‘lanadi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Buning uchun 7-sinfdan boshlab o‘quvchilarning kasblar kesimida qiziqishi aniqlanadi. 8-9-sinf o‘quvchilari dasturchi, dizayner, tarjimon kabi istiqbolli kasblar uchun poydevor bo‘ladigan bilim va ko‘nikmalarni egallaydi. 10-sinfdan robototexnika, dasturlash kabi talab yuqori kasblarga o‘rgatish yo‘lga qo‘yiladi.

Joriy yil oxirigacha mahallalarda 136ta kasb-hunar o‘qitish maskani, qisqa muddatli kasb-hunarga o‘qitish kurslarini tashkil etib, 31ta kasb-hunarga o‘qitish markazlarini jihozlash bo‘yicha topshiriq berildi. Bu maqsadlar uchun Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasiga 200 milliard so‘m ajratish, o‘quv kurslarini, avvalo, kambag‘allik eng yuqori bo‘lgan mahallalarda tashkil etish kerakligi ta'kidlandi.

Mavzuga oid