U bunga qadar Agrobankda muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori boʻlib ishlab kelayotgan edi. Tayinlov haqida 21-avgust kuni viloyat hokimligi xabar berdi.
Buxoro viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari lavozimida 2023-yil avgustidan buyon Botir Ahmedov ishlab kelayotgan edi. U 2026-yil 21-iyul kungi prezident selektorida faoliyatidagi kamchiliklar aytilgan holda ishdan olingan edi
Jamshid Sharopov haqida
J.Sharopov 1984-yil 27-yanvarda Gʻijduvon tumanida tugʻilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Maʼlumoti boʻyicha mutaxasssisligi – iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari boʻlimi iqtisodiy boʻlinmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshligʻi (2014-2020), Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshligʻi (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori oʻrinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Eslatib oʻtamiz, 20-avgust kuni Agrobank Toshkent viloyati boshqarmasi boshligʻi Murod Abdazimov Boʻka tumaniga hokim etib tayinlangan edi.









