O‘zbekiston | 08:00 / 20.12.2021
22698
12 daqiqa o‘qiladi

Yangiyo‘lda “uchastkavoy”lardan kuniga 2tadan fuqaroni jarimaga tortish talab qilinmoqda

So‘nggi vaqtlarda profilaktika inspektorlariga fuqarolarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirish bo‘yicha “plan” belgilab berilgani bot-bot quloqqa chalinmoqda. Kun.uz'ga kelib tushgan ma’lumotlar bunday holat Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida ham borligini ko‘rsatadi.

Quvalik va namanganlik sobiq inspektorlar vazir Po‘lat Bobojonovga yo‘llagan videomurojaatlarida ham majburiy yuklamalar, korrupsiya va boshqa muammolardan shikoyat qilishgandi. Garchi Kun.uz'ga intervyu bergan IIV mulozimi Baxtiyor Berdialiyev profilaktika inspektorlariga fuqarolarni jarimaga tortish bo‘yicha kunlik reja belgilab berilganini butunlay inkor qilgan bo‘lsa-da, bunday holat nafaqat Quva yoki Namanganda, balki O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham sodir bo‘layotgani tahririyatga kelayotgan murojaatlardan ma’lum bo‘lmoqda.

Joylardagi ichki ishlar organlari rahbarlari bir-biri bilan kimo‘zarga raqobatlashayotgani, buni kim ko‘p jarima undirish orqali namoyon qilishga harakat qilayotgani jabrini “uchastkavoy”lar tortyapti. Kun.uz'ga yuborilgan ovozli xabarlarda bunday topshiriqlar Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida ham avj olgani haqida so‘z boradi.

Audioda Yangiyo‘l tumani 2-sonli IIB boshlig‘i podpolkovnik Olim Sobirov ekani aytilayotgan shaxs qo‘l ostidagi profilaktika inspektorlariga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183- (mayda bezorilik) va 187-moddalari (jamoat joyida algokol ichish) bo‘yicha ikkitadan ma’muriy bayonnoma tuzib, ertalabki yig‘ilishga olib kelish haqida topshiriq berayotgani aks etgan:

“Ertaga har bir xodim ertalabgacha ikkitadan, bitta 187, bitta 183, agar buning iloji bo‘lmasa, ikkita 187 yozib, olib kelishi kerak. Shart! Hozir Xayrulla aka [Yangiyo‘l tumani IIO FMB HPB boshlig‘i Xayrulla Boltaboyev] hammangni chiqarvordi “razvod” o‘nda deb. Hozir o‘nda telefon qilib, qani “protokol”, “nachalnik”ka nima deb javob beraman deyapti.

O‘shanchun kimni yozasan, kimni nima qilasizlar, har bir xodim ertalabki yig‘ilishga – “razvod”ga ikkitadan 187 opkelishi shart. Tuni bilan topib, yozdik 187 ikkitadan deb berish kerak. Bo‘lmasam ertalab “razvod”da “nachalnik” ****yets qiladi. Men kechqurun yozdiraman hammasiga, shettaman o‘zim, tekshiruvchiman deganman”.

Bu audioyozuv Yangiyo‘l tumani 2-sonli IIBda xizmat qiluvchi profilaktika inspektorlariga topshiriqlar berib boriladigan Telegram'dagi guruhda yozib qoldirilgan.

Yangiyo‘l tumani IIO FMB binosi

Kun.uz manbasiga ko‘ra, audioda ma’muriy bayonnomalarni talab qilayotgani aytilgan boshliq, Olim Sobirov va Xayrulla Boltaboyevlardan ham yuqori turuvchi rahbar – Yangiyo‘l tuman IIO FMB boshlig‘i Anvar Sultonov hisoblanadi. Manba aynan Anvar Sultonovning tazyiqlari tufayli Yangiyo‘l tumanidagi ichki ishlar organlarida mana shunday noqonuniy topshiriqlar avj olganini aytadi.

“Bu kimsa tepadagilarga o‘zining “yaxshi ishlayotgani” rasmiylashtirilayotgan ma’muriy bayonnomalar soni va undirilayotgan jarimalar salmog‘ini ko‘rsatishga odatlangan. Ko‘rsatkich talab qilaverishining yuki esa profilaktika inspektorlarining zimmasiga tushyapti”, deydi ismini oshkor qilmasligimizni so‘ragan yangiyo‘llik xodimlardan biri.

Suratda chapdan o‘ngga: Olim Sobirov, Anvar Sultonov va Xayrulla Boltaboyev

Buni qarangki, Yangiyo‘l tumani 2-sonli ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Olim Sobirov ham Quva tumanining “bosh mirshabi o‘rinbosari” mayor Aziz Ahmadjonov kabi xodimlardan turli bahonalar bilan pul yig‘ishga odatlangan bo‘lishi mumkin. Kun.uz'ga yuborilgan audioda uning ovoziga o‘xshash ovoz egasi qandaydir tadbir uchun qo‘l ostidagi barcha xodimlardan ertalabki yig‘ilishga 200 ming so‘mdan olib kelishni talab qilganini eshitish mumkin.

“Ertaga ertalabki yig‘ilishga hamma 200 ming so‘mdan olib kelsin. Tadbir bor. Tushunmaganlar nima ekan, nimaga degan savollaring bo‘ladigan bo‘lsa, ertalab Mirzo Ulug‘bekka borgan bo‘lsa biladi. Bilmaganlar menga telefon qilsa tushuntiraman. Hamma yuz foiz ikki yuz mingdan ertalabga olib kelishi shart.

Ertalabki yig‘ilishda hammadan olaman. Tushunganlar aloqaga chiqib, “otvet” beringlar. Tushunmaganlaring telefon qilib so‘ranglar, tushuntiraman har biringga alohida-alohida”, deyiladi audioda.

Olim Sobirov biz bilan telefon orqali suhbatda xodimlardan har kuni ikkitadan ma’muriy bayonnoma va pul talab qilganini rad etdi.

“Bo‘lishi mumkin emas. Hech qanaqa tadbirga xodimlardan hech qachon pul yig‘ilmagan. Pul yig‘iladigan tadbirning o‘zi bo‘lmagan. Xodimlardan pul yig‘ilmaydi”, deya ta’kidladi podpolkovnik.

U, shuningdek, Kun.uz'ga yuborilgan audiodagi ovoz o‘ziniki ekanini ham inkor qildi. “Eshitib ko‘rmagan bo‘lsam, qayerdan bilaman”, deya ta’kidladi Sobirov. Biroq unga Telegram orqali audioni jo‘natishning imkoni bo‘lmadi. O‘zi bizga aloqaga chiqishini iltimos qilib yozgan sms-xabarimizga esa javob yozmadi, Telegram'dan ham aloqaga chiqmadi

Podpolkovnik Olim Sobirov, shuningdek, profilaktika inspektorlariga fuqarolarga jarima yozish bo‘yicha topshirish berilgan bo‘lishi mumkinligini inkor qilmadi.

“Kunlik majburiy yuklama yo‘q. Lekin hududlarda jinoyatning oldini olish maqsadida muqaddam sudlangan yoki sababsiz ko‘chada ichib yurgan yo jamoat joyida ichgan shaxslarni aniqlab, ikkitadan ma’muriy bayonnoma yozinglar degan bo‘lishimiz mumkin. Bu majburiy emas, [huquqbuzarlik] bo‘lsa-bo‘lmasa yozasan osmondan olib deyilgan joyi yo‘q lekin.

Holat bo‘yicha aniqlab kelinglar deyilgan. Qancha ko‘p shunaqa profilaktik holatlarni aniqlasangiz, [jinoyatning oldi olinadi]. Chunki jinoyat ichkilikdan ko‘p bo‘ladi. Uyda er-xotin o‘rtasida, ko‘chada, kafe-barlarda ichkilikning orqasidan ko‘p janjal, jinoyat bo‘lyapti. O‘sha jinoyatlarning oldini olish maqsadida ularga ma’muriy “protokol” yozilsin deyilgan”, deydi Yangiyo‘l tumani 2-sonli IIB boshlig‘i.

Ma’muriy bayonnoma blankasi

U navbatchilik paytida hududida hech qanday huquqbuzarlik sodir bo‘lmagani uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirolmagan xodimlarga hech qanday chora ko‘rilmasligini iddao qildi.

“Majbursan deb talab qilinmaydi. Ikkitadan aniqlik kiritib, hududingga chiq hammang, ichkilik bo‘ladigan kafe-bar, “vino-vodka” sotadigan joylarda aylanib ma’muriy bayonnoma topinglar deyilgan bo‘lishi mumkin. Topib kelolmasa, hech narsa bo‘lmaydi. Majburmas topib kelishga.

“Protokol” yozmasa ishdan bo‘shatilgan joyi aniqlanmagan shu paytgacha. Yigirma yilga yaqin ishlagan bo‘lsam, unaqa holat bo‘lmagan. Bo‘lmaydi. Majburiyat, majbursan degan joyi yo‘q”, deydi u.

Shu bilan birga, Olim Sobirov agar tungi navbatchilikka tushgan xodimlarga yuklama belgilab berilmasa, topshiriq berilmasa, u xonasiga borib uxlashi, jinoyatchilikning oldini olish uchun ko‘cha-ko‘yda aylanib yurmasligini uqtirdi. U “naryad”ga tushgan xodimlar yuklama belgilab berilgach, gap eshitmaslik uchun ham harakat qilishini aytmoqda.

“Asosan “noch”da yurganlarga aytiladi. “Noch”da yurganlaringda aylanib hududda besabab, bemaqsad yurganlarni aniqlab, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiringlar deyiladi. [Profilaktika inspektorlari] yursin, izlansin degan maqsadda shunday topshiriq beriladi. O‘zlaring bilasizlar devorsangiz, u to‘g‘ri xonasiga borib uxlashi mumkin. Hududda profilaktika bo‘lsin, jinoyatning oldi olinsin degan maqsadda aytiladi.

“A-tak”, majburiyat qo‘yilmagan. [Ma’muriy bayonnoma] topib kelish shart degan joyi yo‘q. Imkon bo‘ldi, mana, men hududimda bitta ichkilikni aniqladim, 183 yozdim. Yo bo‘lmasa 183 qildim deyilsa bo‘ldi. 183 material qilinib sudga chiqariladi. Ikkita yozishim kerak edi, lekin bitta jarima yozdim yoki bittayam yozolmadim desa, nega qilmaysan, top degan talab yo‘q.

Shunchaki, bu narsa xodimlarni ishlatish uchun aytiladi. Agar topshiriq berib, yuklama belgilamasangiz hech kim ishlamaydi-da. Xonasiga borib yotadi, chunki hech qanday topshiriq yo‘q, yuklama yo‘q. Xonasidan “vyzov” bo‘lsa chiqadi, “vyzov” bo‘lmasa chiqmaydi. Bir sutka “naryad” o‘tiladi. Yuklama belgilab, uni qil, buni qil desangiz, harakat qiladi. Hech bo‘lmasa, bitta aniqlay deydi. Xonasida o‘tiraversa, ichgan odam: “Men ichganman, “protokol” yoz” deb melisaning oldiga kelmaydi-ku!” deydi Yangiyo‘l tumani IIB mulozimi.

Kun.uz manbasi Olim Sobirov aytgan so‘zlarning aksi sifatida bir nechta suratlarni taqdim etdi. Ulardan birida, manbaga ko‘ra, Yangiyo‘l tumani IIO FMB boshlig‘i Anvar Sultonov hamda uning o‘rinbosari bo‘lib ishlagan, bugungi kunda Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi boshlig‘i vazifasida xizmat qilayotgan Xayrulla Boltaboyev IIB binosida profilaktika inspektorlaridan ma’muriy bayonnomalarni sanab olayotgani aks etgan.

Anvar Sultonov va Xayrulla Boltaboyev profilaktika inspektorlaridan hisobot qabul qilmoqda.

Boshqa manbalardan olingan hisobot-jadvalga ko‘ra, Yangiyo‘l tumanida 65 nafar profilaktika inspektori bor va ular 2021 yil 17 dekabr holatiga ko‘ra ular tomonidan 8727 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Belgilangan jarimalarning umumiy summasi 830 232 578 so‘mni tashkil etadi. Shundan 120 880 243 so‘m undirilgan, qoldiq sifatida qolayotgan, ya’ni shu paytgacha undirilmagan jarimalar miqdori esa 710 144 335 so‘mdan iborat.

Ko‘rib turganingizdek, Kun.uz'ning bir nechta manbasi va avvalroq ro‘y bergan holatlar ichki ishlar tizimida “plan”lar borligini ko‘rsatib turibdi. Mas’ullar esa buni faqat rad etmoqda xolos. Haqiqatni aniqlash, holatga huquqiy baho berish va tizimda bunday nomaqbul ishlar boshqa takrorlanmasligini ta’minlash – boshqa tegishli organlarning vazifasi.

Darvoqe, Kun.uz Samarqand shahridagi profilaktika inspektorlari fuqarolarga “aholini xatlovdan o‘tkazish amalga oshirilmoqda” degan aldov bilan o‘zlaridagi planshetlariga qo‘l qo‘ydirib ketganliklari, bil’aks oradan vaqt o‘tib fuqarolarga turlicha ma’muriy jarimalar qo‘llangani haqida “salom xat”lari kela boshlagani haqidagi masalani o‘rganmoqda. Bundan ham “uchastkovoy”larga qo‘yilgan “plan”ning isi kelmoqda. Tafsilotlari haqida tez kunlarda xabar beramiz.

Jamshid Niyozov, jurnalist

Montaj ustasi: Muhiddin Nido

 

Mavzuga oid