Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Korrupsiyada ayblangan mansabdorlar, “Malika”dagi beboshlik va Hajga onlayn navbat – mahalliy dayjest
«O‘zbekneftgaz» va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining qamoqqa olingan rahbarlari, «guruhbozlikka va maishatbozlikka» berilgan, 186 mlrd so‘m budjet mablag‘larini o‘zlashtirgan ichki ishlar vazirligi mulozimlari va soliq idoralaridagi katta tozalash. Kunning muhim mahalliy yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Korrupsiyada ayblanayotgan amaldorlar
Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 yanvar kuni poytaxtda xavfsiz muhitni shakllantirish va jamoat xavfsizligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda qayd qilinishicha, O‘zbekistonda 53 trillion so‘mlik talon-torojlik va moliyaviy kamchiliklar fosh etilgan, korrupsiya sxemalaridan yetkazilgan zarar 4,2 trillion so‘mni tashkil etgan.
Qayd qilinishicha, «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi sobiq raisi Bahodir Siddiqov ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. U davlat mablag‘larini talon-toroj qilish va boshqa korrupsiyaviy jinoyatlarda gumon qilinmoqda. Hozir katta taftish ketayotgani, milliard-milliard so‘mlik talon-torojliklar aniqlangani ma’lum qilindi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligining mansabdor shaxslari bozor qiymati kamida 250 milliard so‘mlik yer uchastkasini yopiq auksionga chiqarib, 120 milliard so‘mga sotib yuborgan. Shu bois, agentlik direktori Akmalxon Ortiqov ishdan olingan. Manbalar u ham qamoqqa olingani va DXX tomonidan tergov qilinayotganini aytmoqda.
Davlat xaridlari davomida 186 mlrd so‘m budjet mablag‘larining o‘zlashtirilgani aniqlangan hamda bu ish doirasida ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev va Jazoni ijro etish departamenti sobiq boshlig‘i Rustam Tursunovga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Yig‘ilishda Toshkent shahri soliq idoralarini tanqid qilindi. Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i Hojiakbar Mullajonov va Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i Yunusjon Nasimjonovni ishdan olish, faoliyatini o‘rganib, qonun ustuvorligini ta’minlash topshirildi.
Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev lavozimidan ozod etildi. Davlat rahbari Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi tomonidan Chorsu bozorida to‘lov intizomi joyiga qo‘yilmagani, Malika savdo kompleksida esa ahvol bundan ham ayanchli ekanini ko‘rsatib o‘tdi.
Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i Dilshod Usmonov ishdan olinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. U inspeksiya binosining bir qismini shaxsiy maqsadda ijaraga berib, 315 million so‘mni o‘zlashtirgan, ish faoliyatida «guruhbozlikka va maishatbozlikka» berilgan.
Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Ravshan Sultonxo‘jayev va prokurori Anvar O‘rmonovga hayfsan berildi. «Ular jinoyatlarni fosh qilish va oldini olish o‘rniga mikroavtobusda shahar aylanish bilan band», dedi prezident. Mansabdorlarga olti oylik sinov muddati tayinlanishi belgilandi.
Bugun lavozimidan olinganlar orasida Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Alisher G‘aniyev ham bor.
“Malika” bozoridagi beboshlik
Prezident bugungi selektorda “Malika” bozoridagi tadbirkorlarning soliqdan qochishlari haqida ham gapirdi.
Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi “Malika” savdo majmuasida yashirin iqtisodiyot bilan bog‘liq ahvolni “ayanchli” deb ta’rifladi. U yerdagi 1,5 mingga yaqin tadbirkorning atigi to‘rtdan biri ro‘yxatdan o‘tgan, 25 foizi oyiga 1 million so‘m ham soliq to‘lamayapti. Dekabr oyida plastik kartalardan yechilgan 600 milliard so‘mlik savdo tushumi yashirilgan.
Haj va Umraga borish uchun yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tish majburiy bo‘ladi
Vazirlar Mahkamasining «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish tizimini raqamlashtirish va takomillashtirishga qaratilgan qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, O‘zbekistonda «Haj va Umra yagona portali» (www.haj-umra.gov.uz) ishga tushirildi. Endi ziyoratga borish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun ushbu portal orqali ro‘yxatdan o‘tish majburiy etib belgilandi.
Yangi tartib bo‘yicha 2026 yil 1 fevraldan Hajga, 2026 yil 1 maydan Umraga borish uchun www.haj-umra.gov.uz portalida ro‘yxatdan o‘tish shart bo‘ladi.
1 fevraldan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilganlar uchun yangi imtiyozlar joriy qilinadi
O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, 2026 yil 1 fevraldan boshlab «Yoshlar daftari» jamg‘armalari orqali ko‘rsatiladigan ayrim ijtimoiy yordam turlari Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan yoshlarga ijtimoiy shartnoma asosida taqdim etiladi.
Shu doirada, kasbiy va oliy ta’limda ta’lim olayotgan o‘quvchi-talabalar uchun to‘lov-kontrakt summasining 50 foizgacha qismi qoplab berilishi belgilangan. Bunda to‘lovlar o‘quvchi-talaba bilan tuzilgan ijtimoiy shartnoma shartlarini bajarish darajasidan kelib chiqib amalga oshiriladi. Yordamning umumiy miqdori bir o‘quv yili uchun BHM 50 baravaridan (20,6 mln so‘m) oshmasligi lozim.
Shuningdek, 1 fevraldan boshlab Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan yoshlarga safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni bepul o‘tash imkoniyati beriladi. Mazkur yo‘nalishda subsidiya ajratish amaliyoti bekor qilinib, harbiy xizmat bilan bog‘liq xarajatlar Mudofaa vazirligining «Safarbarlik chaqiruvi rezervi mablag‘lari» maxsus hisobvarag‘i hisobidan amalga oshiriladi.
Mavzuga oid
22:53 / 10.02.2026
Olmaliqdagi maktabda baxtsiz hodisa va tadbirkorga norasmiy bandlikni bartaraf etish muhlati – mahalliy dayjest
21:45 / 06.02.2026
«Amir Temur oyligi» va senatorning imperiyaparast chiqishlarga munosabati – mahalliy dayjest
21:56 / 05.02.2026
Xususiy bog‘chalarga imtiyozlar, jarima o‘rniga ogohlantirish va islomiy bank qonuni - mahalliy dayjest
21:48 / 04.02.2026